Ipak qurti urugʻlari inkubatsiyasini tashkil etishga bagʻishlandi
2025-02-28 19:20:00 / Yangiliklar

Xuddi shunday viloyat koʻrgazmali oʻquv-amaliy seminari Romitan tumanida ipak qurti parvarishlash va tutchilik sohasiga oid zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash mavzusiga bagʻishlandi.
Tumandagi 2-sonli politexnikumida tashkil etilgan oʻquv-amaliy seminarida viloyat hokimining oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi H. Artikova, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi boshqarma boshligʻi, ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti direktorining oʻrinbosari M. Jumaniyozov, ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri S. Xudjamatov, Toshkent davlat agrar universiteti ipakchilik va tutchilik kafedrasi professori Ch. Bekkamov, tuman hokimining oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Z. Aslonova, hududdagi “Romstar” qoʻshma korxonasi rahbari Q. Kattayev va boshqalar, shuningdek, “Hunarmand uyushmasi” tuman boʻlimi aʼzolari, xotin-qizlar faollari, ilgʻor pillachilari ishtirok etishdi.
Dastlab, tadbirni ochib bergan viloyat hokimining oʻrinbosari Hafiza Artikova yurtimizda pilla yetishtirishda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar, pillachilik sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, bunda Vetnam davlatining ilgʻor tajribalarini mahalliylashtirish natijadorligi toʻgʻrisida batafsil toʻxtaldi. Yangi mavsumni boshlashda ahamiyat qaratish zarur boʻlgan yoʻl-yoʻriq va tavsiyalar berildi.
Seminarda pillachilikni yanada rivojlantirish va oldindagi muhim vazifalar, ipak qurti urugʻini inkubatoriyaga qoʻyish, uni jonlantirish va kichik yoshlarida oziqlantirish, ipak qurtini bahorgi va takroriy mavsumda parvarishlashdagi muhim agrotexnik tadbirlari hamda ipak qurti kasalliklari va ularning profilaktikasi, ozuqa bazasini yaratish, tutlarni ekish, payvandlash, tutzorlarni rekonstruksiya qilish usullari yuzasidan soha mutaxassislari va ilmiy tadqiqotchilarning tavsiyalari tinglandi.
Maʼlumot uchun, oʻtgan yili bahorgi mavsumda romitanlik “kumush tola” ijodkorlari tomonidan 4 ming 75 quti qurt urugʻi mehr bilan parvarishlanib, katta xirmonga 262 tonnadan oshirib yuqori navli pilla hosili yetishtirilgan. Pilla boquvchilar, kasanachilarga rejadan ortiq topshirgan 1 kilogram pilla hosili uchun 50 ming soʻmdan naqd pul mablagʻi tarozi boshida toʻlab berilgan. Hududdagi “Romstar” qoʻshma korxonasiga qarashli “Romitan” va “Navbahor” MFY dagi pilla qabul qilish maskanlarida “kumush tola” qayta ishlash korxonalariga yetkazib berish uchun saranjomlangan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati