Vobkent: gʻalla maysasi parvarishida “Boyqozon”, “Nurxon Boboxon”, “Otabek Ogʻajon” fermer xoʻjaliklari ham faol
2025-02-26 17:35:00 / Yangiliklar

Sara bugʻdoyni davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtilib, gʻallachilik klasterlari va fermerlarga bugʻdoyni bozor narxida toʻliq erkin sotish huquqi berilgani fermerlar uchun katta imkoniyat boʻldi. Bu eng avvalo, fermer xoʻjaliklari, qolaversa, xoʻjalik aʼzolarining manfaatdorligini, erishiladigan daromadni oshirishda juda qoʻl kelmoqda. Ayni qishki mavsumda gʻalla maysalari parvarishida avvalo, har bir agrotexnik tadbirni sifatli olib borish, dalani yaxob suviga qondirish, har bir kontur boshida qazib tayyorlangan xandaqlarga mahalliy oʻgʻit jamgʻargan holda “sharbat”lab sugʻorish, begona oʻtlardan samarali tozalab, gerbisidlardan unumli foydalanish kabi agrotexnik ishlar davom ettirilmoqda.
Tumanda gʻallani birinchi oziqlantirish, mahalliy oʻgʻitni jamgʻarish ishlari jadal olib borilib, fevral oyining birinchi dekadasiga koʻra, 20 ming 320 tonna mahalliy oʻgʻit gʻalla maydonlariga chiqarilgan. Endilikda gʻalla yetishtirilayotgan konturlar “sharbat” usulida oziqlantirilib, har bir yerda ikkinchi oziqlantirish uchun zaxira yaratilmoqda. “Sharbat”lab sugʻorish gʻalla maydonida tuproqni yetishmayotgan baʼzi mikroelementlar bilan taʼminlash, qisman azot, fosfor, kaliy kabi darmondoriga toʻyintirish imkonini bermoqda.
Agronomlar tajribasidan maʼlumki, gʻalla maysasini bargidan oziqlantirish avvalo oʻsimlikni fotosintez jarayonnini jadallashtiradi, barg sathini qalinlashishi hisobiga kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshiradi. Shu bilan birga, suspenziyalash tadbirini vaqtida, yaʼni maysalar toʻliq naychalash bosqichiga kirganda oʻtkazish muhim ahamiyatga ega. Chunki, gʻallani bargidan oziqlantirish hosildorlikni 5 sentnerga oshiradi va don sifatini yaxshilaydi.
Shu nuqtayi nazardan, hozirda tumanda yalpi gʻallazor maydonida birinchi oziqlantirish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Mahalliy oʻgʻit jamgʻarish, sugʻorish, va “sharbat” usulida oziqlantirish ishlari “Boyqozon”, “Nurxon Boboxon”, “Otabek Ogʻajon” va boshqa ilgʻor fermer xoʻjaliklarida namunali tashkil qilinganini koʻrish mumkin. Bu kabi agrotexnik tadbirlarni kechiktirmasdan, omilkorlik bilan oʻtkazishda “Oʻzagroinspeksiya”ning tuman boʻlimi maʼsul xodimlari kundalik nazorat va oʻrganishlarini olib bormoqdalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati