Seminar ishtirokchilari Romitandagi koʻchatchilik xoʻjaligi ish tajribasi bilan tanishishdi
2025-02-25 21:20:00 / Yangiliklar

Koʻrgazmali oʻquv-amaliy seminari qatnashchilari “Muhammad Zohid Azim Buxoro” issiqxona xoʻjaligida boʻlishib, jamoa ish uslubi, erishilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishdilar.
—Oʻtgan yilgi mavsumda birgina pomidorning “Alamina” va boshqa navlaridan har gektari hisobida 50 tonna, umumiy 130 tonnadan oshirib sarxil hosil olingan boʻlsa, bu mahsulot mahalliy bozor bilan birga qoʻshni Tojikiston va Turkmaniston respublikalari bozorlariga ham chiqarilgan,—deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tuman boʻlimi loyiha-ofis rahbari Sohib Hojiyev.—Shu bilan birga, xoʻjalikning asosiy daromadi koʻchatchilikdan. Xususan, bunda pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, baqlajon, qovun, tarvuz, hatto oshqovoq kabi oʻndan ortiq sabzavot-poliz mahsuloti urugʻlarini har yili yoz oylaridan ekib undirish boshlanadi.
Issiqxonada tomchilatib-yomgʻirlatib sugʻorish tarmogʻi joriy qilingan boʻlib, 12 nafar doimiy ishchi bandligi taʼminlangan. Har bir ishchi kuchining kunlik daromadi esa 100 ming soʻm atrofida. Koʻchat sotishning qizgʻin mavsumi, erta bahor oldidan katta “partiya”da tayyorlab chiqariladigan koʻchatlar endilikda qoʻshni respublikalarga eksport qilinayotgani ham xoʻjalik yutugʻi, albatta. Bunda mahalliy xaridorlarga har bir koʻchat 1500-2500 soʻm atrofida baholanayotgan boʻlsa, tashqi bozorga biroz ustama narxda yetkazilmoqda. Muhimi, issiqxona jamoasining mashaqqatli mehnati evaziga bir mavsumda 3 milliard soʻmdan oshirib moddiy manfaatdorlikka erishilmoqda.
Soʻnggi tajribalardan biri issiqxonada oʻstirilayotgan pomidor koʻchatlarini payvandlash tajribasi oʻzlashtirilganidir. Bunda yovvoyi va madaniy nihol koʻchati birikishi natijasida turli zararkunanda hasharot va kasalliklarga qarshi “immunitet” hosil qilish orqali koʻzlangan hosilni olishga erishilmoqda. Albatta, bu dehqon mirishkorlar va ular xoʻjaliklari mahsuldorligini oshirish yoʻlida koʻpdan kutilgan yangilikdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati