Botir Zaripov Olot tumani “Koʻlchovdur” mahallasidan oqib oʻtuvchi “Tarmoq-7” kanalining 6,5 kilometr uzunlikdagi qismida bajarilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi
2025-02-22 18:35:00 / Yangiliklar

Xususan, olis tumanda tanlangan ogʻir ahvoldagi 5 ta mahalla, yaʼni “Davlatboy”, “Baland machit”, “Koʻlchovdur”, “Gʻanchi Chandir” va “Xidreyli” mahallalarida aholi tomorqa yerlarini sugʻorish, ekin yerlari mahsuldorligini oshirish, tuproq meliorativ holatini yaxshilash maqsadida umumiy uzunligi 18,5 kilometr masofadagi ichki suv yoʻllari oʻzanini betonlashtirish ishlari jadal boshlangan. Dasturga binoan, “Buxorosuvqurilishinvest” davlat muassasasi buyurtmachiligidagi mazkur loyiha uchun umumiy qiymati 13 milliard 85 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, pudratchi tashkilotlar tanlangan.
Bugun viloyat hokimi Boir Zaripov nazorat tartibidagi navbatdagi oʻrganishlarini Olot tumanida olib borib, jumladan, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturiga binoan irrigatsiya tarmogʻida bajarilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi.
Ahamiyatli jihati, bu saʼy-harakat tufayli hududdagi oʻndan ortiq fermer hamda dehqon xoʻjaligi ekin yeri bilan birga 1 ming 844 ta aholi xonadoni, 3 ming 910 ta oila tasarrufidagi qariyb ming gektar tomorqa yer maydonini sugʻorish, “obi hayot”ga qondirish agrotexnik ishlari yaxshilanadi.
Holbuki, soʻnggi yillarda mazkur mahallalarda aynan suv tanqisligi kuzatilgani sababli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekib yetishtirishda katta qiyinchilikka duch kelingani hech kimga sir emas. Zero, ayni kunda bu mahallalarda ijtimoiy yagona reestriga kiritilgan oila soni 346 tani tashkil etib, suv taʼminotini barqaror izga tushirish ortidan ularda tomorqa yeridan unumli foydalanish, ekin yerini daromad manbaiga aylantirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, hududga nasos agregatlarini oʻrnatish ham koʻzda tutilgani sugʻorishda ekin yeri egalari uchun ayni muddao.
Shu kunlarda qayd qilingan mahallalarda masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Sardor elegant stroy montaj”, “Fayzbek Oʻgʻiloy”, “Amu-Buxoro suv maxsus taʼmir”, “Kogon neft gaz energo servis” kabi mexanizatsiyalashgan pudratchi korxonalar ish olib bormoqda.
Viloyat rahbari tuman hokimligi, maʼmuriy sektorlar boshliqlari, agrokompleksga tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan birgalikda koʻzdan kechirgan dastlabki manzil “Koʻlchovdur” mahallasidan oqib oʻtuvchi “Tarmoq-7” kanalining 6,5 kilometr qismida boshlangan ish boʻldi.
— Bu yerda “Kogon neft gaz energo servis” MCHJ ning ekskovator, avtosamosval, buldozer, katok, pogruzchik kabi oʻndan ortiq maxsus texnika vositasiga ega jamoasi 10-fevral kunidan tuproq ishlarini boshlagan, – deydi “Olot suv yetkazib berish xizmati” DM direktori Sherzod Sharipov. — Sugʻorish tarmogʻida hademay betonlashtirishga kirishiladi. Aynan 22-fevral holatida bunda 920 metr kub hajmida tuproq ishlari bajarilgan. Muhimi, betonlashtirilganidan soʻng suv oʻtkazish hajmi sekundiga 2 metr kubga yetkaziladigan kanaldan nafaqat Koʻlchovdur, unga yondosh Oʻzbekiston mahallasi aholisi bilan qoʻshganda, jami 5 mingtaga yaqin tomorqachi xonadonning ming gektar tomorqa yerini sugʻorish ishlari yaxshilanadi.
Botir Zaripov irrigatsiya-melioratsiya ishlari surʼati va sifatini oshirish, erta bahor oldidan xoʻjaliklar, aholi tomorqalarida boshlangan ekin-tikin ishlari uchun sugʻorish tarmoqlarini shay qilishga doir masʼul mutasaddilar zimmasiga qator kechiktirib boʻlmas vazifalarni yukladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati