Hududni “Sayxunobod tajribasi” asosida rivojlantirish, tomorqa madaniyatini shakllantirish, ekin yeridan kamida uch marta hosil olish tajribasini ommalashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi
2025-02-20 21:05:00 / Yangiliklar

Yangi tartibga binoan, aholi tomorqasi va ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha hokim yordamchisi tomonidan har chorakda oʻrganish olib boriladi. Oʻrganish davomida xonadondagi tomorqa va ijara yerlarida ekin ekilmagan va qarovsiz qoldirilgan boʻlsa, oʻsha oilaga bank imtiyozli kredit mablagʻi ajratilmasligi, shuningdek, ijtimoiy himoya yagona reestriga kiritilgan fuqarolar uchun yordamlar (moddiy yordam yoki bola puli kabi) toʻxtatilishi, yer soligʻi uch karra yuqori miqdorda hisoblanishi kabi tartib joriy etilmoqda.
Viloyatda eng koʻp aholisiga ega Gʻijduvon tumanida oʻtgan yilgi mavsumda dehqonchilik va asosan, tomorqachilikda aholi talab va ehtiyoji yuqori boʻlgan asosiy ozuqa mahsulotlaridan 547 gektar tomorqa maydonida umumiy miqdori 11 ming tonna atrofida kartoshka yetishtirilgan.
Aholi ehtiyoji uchun zarur qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda tumanda yetarli tajriba shakllangan boʻlib, xususan, 2023-yilda 1 ming 208 gektar maydonda jami 23 ming 440 tonna atrofida pomidor, 305 gektarda 5 ming 794 tonna bodring, 345 gektarda 8 ming tonnadan oshiq piyoz, shuningdek, 411 gektar maydonda 7 ming 809 tonna sabzi, 147 gektar maydonda umumiy miqdori 3 ming 387 tonna karam mahsulotlari yetishtirilib, aholi dasturxoniga tortiq qilingan.
Fermer, dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari Gʻijduvon tumani kengashi maʼlumotlariga koʻra, tumanda bultur jami 82 gektar maydondan 1 ming 40 tonna bulgʻor qalampiri, 305 gektarda 2 ming 250 tonna atrofida koʻkatlar yetishtirilib, elimiz roʻzgʻoriga yetkazib berilgan. Qolaversa, hududda oʻtgan yili 40 gektardan oshiq yerdan 673 tonna baqlajon, 22 gektar yerdan 390 tonna osh lavlagi, 27 gektardan 290 tonna achchiq qalampir, 40 gektardan 924 tonna gulkaram, 19 gektardan 327 tonna rediska va boshqa mahsulotlar yetishtirilib, ichki bozor va savdo rastalarimiz orqali xalqimiz dasturxoniga yetkazilgan.
Shu nuqtayi nazardan, viloyat hokimining birinchi oʻrnbosari Botir Ahmedov, viloyat hokimining oʻrinbosari Hafiza Artikova, Gʻijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov hamda boshqa mutasaddilar, maʼmuriy sektorlar, tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda tumanning bir qator mahallalarida tomorqadan foydalanishning ayni kundagi ahvoli, kambagʻallikni qisqartirish va ehtiyojmand oilalar vakillariga daromad manbaini yaratib berishga doir oʻrganish olib borildi.
Tahlillardan koʻrinishicha, soʻngi uch yilda tumanda oʻnlab fermer xoʻjaliklarining ekin yerlaridan hokimlik zahirasiga qaytarish orqali 7 704 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va mehnatga layoqatli aholi vakiliga 10 sotixdan 30 sotixgacha yer maydoni tomorqa sifatida oʻlchab berilib, ularda dehqon xoʻjaliklari tashkil etilgani katta imkoniyatdir. Bu tomorqa yeri 2100 gektarga yetkazildi degani. Oʻtgan yilgi mavsumda esa 510 gektar yer maydoni oʻz egalariga taqsimlab berilib, ularda hosil qilinayotgan mingdan ortiq dehqon xoʻjaliklarida ham ayni kunda ehtiyojga qarab kartoshka, piyoz, pomidor, bodring, karam, baqlajon, bulgʻor qalampiri kabi sabzavot mahsulotlari yetishtirish avj olmoqda.
Birgina "Gulistonobod" mahalla fuqarolar yigʻinida dala-dehqonchilik ishlari, tomorqachilikning borishini olsak, aholisi zich joylashgan hududda 160 ta xonadon 1 sotixdan 5 sotixgacha oʻz issiqxonasiga ega boʻlib, yilning istalgan paytida pomidor, bodring, kartoshka, piyoz, sabzi, karam kabi sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish bilan mashgʻulligini koʻrish mumkin.
Oʻtgan 2024-yili hududda kam taʼminlangan oilalardan 84 tasiga 10 sotixdan tomorqa yer maydoni oʻlchab berilgan. Hozirda 8,4 gektarli bu yerni sohibkorlar mahalliy va mineral oʻgʻitga toʻyintirib, chuqur haydab qish chilla suvidan sugʻorib, ekishga obdon tayyorlab, ertangi kartoshka va sabzi ekishni boshlab yubordilar. Buning uchun Fermer, dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari Gʻijduvon tumani kengashi tomonidan tomorqachilarga yaqindan koʻmaklashilmoqda.
Botir Ahmedov boshchiligidagi mutasaddilar Gulistonobod mahallasida tomorqachilar bilan birga Gulnora Islomovaning roʻmol tikib tayyorlash sexida ham boʻlishib, hozirda 100 nafar chevarni ish bilan taʼminlash imkoniyatiga ega korxona ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar.
Xuddi shunday, Biyosin mahallasida yashovchi Shuhrat Sirojov, Taxtaxon mahallasida yashovchi Qodir Azimov, Koʻshk mahallasida yashovchi Toʻxtamurod Soliyev singari mirishkor uy xoʻjaliklarida tomorqa va issiqxona faoliyati, erishilayotgan yutuqlar koʻzdan kechirildi. Shuningdek, Biyosin mahallasida dehqon xoʻjaliklari uchun ajratilgan 4,7 gektar yer maydonida tashkil etilayotgan issiqxonalar qurilishi, ularda sabzavot mahsulotlari yetishtirish tajribasi oʻrganildi.
Umuman, mazkur hududni “Sayxunobod tajribasi” asosida rivojlantirish, tomorqa madaniyatini shakllantirish, ekin yeridan kamida uch marta hosil olish tajribasini ommalashtirish kabi jihatlarga eʼtibor qaratilgani holda masʼullar zimmasiga qator vazifalar yuklandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati