Romitan: “Melnik gold” MCHJ mebel mahsulotlarini koʻpaytirib, xorij bozorini koʻzlamoqda
2025-02-13 17:25:00 / Yangiliklar

Birgina “Alisher Navoiy” MFYda soʻnggi ikki yilda investitsiya dasturi doirasida “Pomegranat building”, "Romitan avtoban trans", “Boboyeva Zarifa Fayzullayevna”, “BLOK BAND”, “Miron Mirfayz Xumoyun” kabi xususiy korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani quvonarli, albatta. Negaki, ularda ayni paytda qurilish, yengil sanoat, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, oʻnlab oilaning mehnatga layoqatli aʼzolari bandligi taʼminlanmoqda. Eʼtiborlisi, endilikda ishlab chiqarish maskanlari ichki bozor bilan birga oʻz mahsulotini xorijga eksportga yoʻnaltirish harakatiga tushgan.
Ochigʻi, avval tadbirkorlik qilishga choʻchib, bu sohaga yaqin bormagan odamlar bugun biznesning bir necha tarmogʻida dadil ish yuritib, nafaqat oʻzi va oilasi, balki shu hududdagi oʻnlab oila aʼzosini ish bilan taʼminlab, moddiy manfaatdor etishmoqda. “Melnik gold” mebel ishlab chiqarish korxonasi ana shunday tadbirkorlik subyektlaridan biridir.
Tashabbuskor sifatida 2017-yilda 10 nafar ishchi shogirdi bilan faoliyatini boshlagan Ilhom Baqoyev boshchiligidagi mazkur korxonada hozirgi kunga kelib, 4 ta kichik sexda bir necha turdagi mebellar ishlab chiqarilib, buyurtmachi mijozlarga yetkazilmoqda.
“Melnik gold” masʼuliyati cheklangan jamiyatining mebel mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi umumiy qiymati 8 milliard soʻmni tashkil qilib, tumanning aynan “Alisher Navoiy” kichik sanoat zonasidan ajratilgan yer maydonida amalga oshirilgan. Bu loyiha roʻyobi uchun tashabbuskor tadbirkorga “Hamkorbank” Buxoro filiali tomonidan 3 milliard 500 million soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilgan.
Mebelchilikka oid bu loyiha yangi va shu yil boshida oʻz faoliyatini boshlab, qisqa muddatda 50 nafardan ortiq ishchi-mutaxassisni oʻz bagʻriga oldi. Korxonaning ayni kundagi mahalliylashtirish darajasi 80 foizni tashkil qilib, soʻnggi zamonaviy uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan.
Ilhom Baqoyev shu yildan yurtimizda boshlangan xayrli va keng miqyosdagi ishlardan biri “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” loyihasida ishtirok etib, hududidagi yana 58 nafar ishsiz aholi vakilini oʻz yoʻnalishi boʻyicha oʻqitib, mutaxassis sifatida tayyorlashga hamda bandligini taʼminlashga astoydil kirishgan.
Qolaversa, hozirda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli dizayn va assortimentdagi mebel mahsulotini qoʻshni respublikalar bozorlariga eksportga chiqarish boʻyicha amaliy muzokaralar olib borilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati