Vobkent: Zulayho Hamroyeva oilasi ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini davlatda sotish evaziga 1 oyga 2 million so‘m atrofida daromadga ham ega bo‘lmoqda
2025-02-13 12:40:00 / Yangiliklar

Bu borada Vobkent tumanida ham manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birgina oʻtgan yil davomida tumandagi ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida quvvati 0,8 MVt quvvatga teng boʻlgan yuzdan oshiq obyektga kichik quvvatli quyosh panellari hamda 3,8 ming litr hajmli geliokollektorni oʻrnatish ishlari bajarilgani oʻnlab mehnat jamoalariga katta qulaylik boʻldi. Oʻtgan oylarda tuman hokimligi, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi va boshqa ijtimoiy tarmoq inshootlari binolari tomiga ham quyosh panellari oʻrnatildi. Ahamiyatli jihati, bu saʼy-harakat 100 foiz elektr energiyasini tejash imkonini beradi.
Yuqoridagi qarorga asosan keyingi yillarda hududdagi yuzga yaqin tadbirkorlik subyektiga 1,3 MVt quvvatli quyosh paneli oʻrnatilib, mahalliy tadbirkorlar hisobidan 1 ta 4 MVt quvvatli kichik FES, yaʼni fotoelektr stansiyasini qurish maqsad qilingan. Bu boradagi ishlar davom ettirilib, tadbirkorlik subyektlariga 0,079 MVt kichik quvvatli quyosh paneli oʻrnatilmoqda.
Shu bilan birga, aholi xonadonlarida ham muqobil energiya manbai sifatida quyosh panellarini oʻrnatish, foydalanish keng ommalashmoqda. Masalan, "Shirin" MFYda yashovchi Zulayho Hamroyeva ham xonadoniga shunday, umumiy quvvati 10 kVt soatni tashkil etuvchi 10 ta quyosh panelini oʻrnattirdi.
Quyosh panellarining oʻziga xos xususiyati shuki, ikki tomonlama quvvatlanuvchi monokristal paneldan iborat boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nuri tushmagan holatda va bulutli kunda ham yorugʻlikni oʻzida qayta ishlay oladi. Shuningdek, muqobil energiya manbai vositasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining har kilovatini 1000 soʻmdan sotish ham mumkin. Hozirda Zulayho Hamroyeva oilasi ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini davlatda sotish evaziga 1 oyga 2 million soʻm atrofida daromadga ham ega boʻlmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati