Buxoroda “Insult markazi” tashkil etilmoqda
2025-02-10 12:40:00 / Yangiliklar

Mazkur markazga Polsha davlatining Varshava xarbiy tibbiyot instituti nevrologiya va insultologiya klinikasi yetakchi nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, dotsent Yasek Stajevskiy tashrif buyurdi. Polshalik mutaxassis direktor M. Rajabov hamrohligida “serebrovaskulyar” kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarni davolash-diagnostikasi uchun yaratilgan sharoit, zamonaviy MSKT, MRT, angiografiya boʻlimlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
RSHTYOIM Buxoro filialida polshalik mehmon ishtirokida “insultga duch kelgan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatishning muammolari, bajarilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida markaz rahbariyati, nevrolog, neyroreanimatolog mutaxassislar bilan davra suhbati oʻtkazildi.
Davra suhbatida “ishemik insult”ga chalingan bemorlarda erta diagnostika, trombolizis terapiyasini oʻtkazish, toraygan serebral tomirlarni stentlash, serebral tomirlar arteriovenoz malformatsiyasi va anevrizmalarini embolizatsiya qilish masalalari tahlil qilindi. Ahamiyatlisi, filialda “insult markazi”ni tashkil qilinishi natijasida koʻplab bemorlarni hayotini saqlab qolish va nogironlikni oldini olish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun aholi oʻrtasida insult sodir boʻlish vaqtdagi belgilar, bemorlarni maksimal ravishda tezroq statsionarga yetkazish xususida tibbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish, tez yordam xizmati bilan oʻzaro uzviylik masalalarini takomillashtirishga alohida eʼtiborni kuchaytirish lozimligi bildirildi.
Davra suhbatida taʼkidlanganidek, kelgusida polshalik mutaxassislar bilan neyrointervensiya yoʻnalishida “mahorat darslari” oʻtkazish va filial mutaxassislarini Varshava xarbiy tibbiyot institutining nevrologiya va insultologiya klinikasiga malakasini oshirish uchun yuborish maqsadida manzilli chora-tadbirlar tuzilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati