Peshku: “Ibn Sino”dagi issiqxonalar birida biogumus, birida innovatsion sugʻorish tarmogʻi...
2025-01-17 22:45:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-noyabrdagi “Aholini kichik va oʻrta biznesga keng jalb qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-366-sonli qarori joylarda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishda muhim qadam boʻlmoqda.
Tumanning Ibn Sino mahallasida koʻp yillik mirishkor dehqon Nusrat Saidov rahbarligidagi “Peshku limonchilik maktabi” fermer xoʻjaligining dongʻi bugun nafaqat viloyat, balki respublikaga keng yoyilmoqda desak, mubolagʻa emas. Bunda tomorqachilik va issiqxonachilik madaniyatiga qatʼiy amal qilib, ilmiy-innovatsion uslubda limon, apelsin, mandarin kabi sitrus mevadan moʻl hosil yetishtirish tajribasi puxta oʻzlashtirilgan.
Aynan “Peshku limonchilik maktabi”dan oʻrnak olib, issiqxonachilikda katta yutuqqa erishayotgan xoʻjaliklar safi kengaymoqda. Jumladan, shu mahalla Avdeni qishlogʻida yashovchi Mustaqim Toshev hamda Bahodir Badalovlar ham biri 20 sotix, biri 60 sotixdan iborat issiqxona xoʻjaliklarini obdon jihozlab, unda peshma-pesh hosil yetishtirib kelishadi.
Albatta, oila aʼzolari va qoʻshimcha ishchi kuchi yordamida limon butalari bilan birgalikda erta bahor mahalladagi tomorqachilar uchun pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, karam, hatto qovun-tarvuz urugʻlaridan koʻchat undirib, sotish bilan shugʻullanishadi. Bu mirishkorlik tufayli oʻtgan yili erta bahor oldidan Mustaqim Toshev oilasi 40 million soʻm, Bahodir Badalov xonadonidagilar esa 60 million soʻm atrofida daromadga ham ega boʻlishgan. Qishki mavsumda issiqxonada koʻchat undirishda qoʻshimcha oʻndan ortiq ishchi kuchi yollanib, ularning ham moddiy manfaatdorligi taʼminlanayotgan ekan.
Shu oʻrinda, tinib tinchimas tomorqachilardan Mustaqim Toshev issiqxonasida mahsuldorlikni oshirishni koʻzlab biogumus tayyorlashni yoʻlga qoʻygan boʻlsa, Bahodir Badalov kuzgi-qishki yogʻin-sochinlardan unumli foydalanib, suvni tarnov orqali issiqxonaning ikki yonida tayyorlangan hovuzlarga toʻplab, sugʻorish tarmogʻini shakllantirgan.
Xalqimizda “Qalovini topsang, qor ham yonadi” degan purmaʼno hikmat bor. Bu usul ham kamxarjligi, elektr va boshqa muqobil energiya manbaini iqtisod qilib, moʻl hosil yetishtirishda juda asqotmoqda. Shu tariqa, sigʻimi 265 tonnalik hovuzlar orqali yomgʻir-qor suvlaridan foydalanish, ekinlarni bemalol sugʻorish va koʻzlangan hosilni yetishtirish imkoni yaratilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati