Peshku: “Shavgon”da ham ehtiyojmand oilalar qoʻllab-quvvatlanmoqda
2025-01-17 22:35:00 / Yangiliklar
Kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, kam taʼminlangan, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, odamlarga daromad manbaini yaratishda Peshku tumanida ham manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentyabrdagi "Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi" PQ-306-sonli qarori bu borada dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.
Ayni kunda birgina “Shavgon” MFY ni olsak, 644 ta xonadon, 879 ta oila va 3 mingdan oshiq aholi istiqomat qilayotgan hududda oʻtgan yili boshida 25 nafar “Ayollar daftari”, 53 nafar “Yoshlar daftari”, 9 nafar “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlangan va ijtimoiy muhofaza tufayli toifalangan daftardan chiqarilgan.
Shu mahallada yashovchi Dilnoza Hakimova oʻtgan yili yuqoridagi qarorga muvofiq “Aloqabanki”ning Peshku tumanidagi bank xizmatlari markazi orqali chorvachilikni rivojlantirish va aholini sut maxsulotlari bilan taʼminlash loyihasiga binoan 60 million soʻm kredit mablagʻini rasmiylashtirib olgan. Bu sarmoya evaziga unga 6 bosh sogʻin sigir olib berilgan boʻlib, natijada shu xonadonda yashovchi uch fuqaroning bandligi va daromadi taʼminlangan. Xonadon sohibasi Dilnoza Hakimova hozirda bu ikki bosh sigirdan kuniga 60 litr sut sogʻib olib, kuniga 400 ming soʻm atrofida foyda koʻrmoqda.
Xuddi shunday, Shavgonda ijtimoiy muhofazaga olingan oilalardan biri Mohidil Qazoqova oilasiga mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyasi asosida “Agrarbanki”ning tuman fililidan 100 million soʻm miqdorida kredit mablagʻi rasmiylashtirib berildi. Bu sarmoyaga xonadondagi mavjud ekin yerining 2 sotix maydonida gidroponika usulida issiqxona tashkil etilgani bugun bu oilaning 4 nafar aʼzosi uchun daromad manbai boʻlmoqda.
Bank sarmoyasiga Namangan viloyatidan qulupnay yetishtiruvchi mutaxassis dexqonlar bilan hamkorlikda qulupnay koʻchatlari keltirib, issiqxonaga oʻtqazildi. Endilikda bu ixcham issiqxonada qulupnay koʻchatlari agrotexnik talablar asosida, mutaxassislar tavsiyalari asosida parvarishlanib, birinchi yilgi mavsumda jami 85 million soʻmga teng hosil olishga erishilgani bir oila uchun katta yutuq, albatta.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati