Nigora Fayziyeva "Sara Silver" zargarlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi
2025-01-17 15:20:00 / Yangiliklar
Viloyat markazining “Furqat” mahalla fuqarolar yigʻinida bugunga kelib 1 ming 17 ta xonadon, 1 ming 359 ta oila va ularda jami 2 ming 800 nafarga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Mahallaning asosiy rivojlanish drayveri, aholining tirikchilik manbai tijorat, savdo ishi va maishiy xizmat koʻrsatish tarmogʻidir. 2024-yilning boshida oʻtkazilgan xatlov natijalariga muvofiq, mahallada ishsiz deb topilgan 20 nafardan ortiq fuqaro bandligini taʼminlash, ularni daromadli qilish chora-tadbiri koʻrilmoqda.
Bu oʻrinda mahalladagi masʼul "yettilik" faoliyatini ham eʼtirof etish joiz. Ular saʼy-harakati bilan ayni kunda xorijdan mehnat migratsiyasidan qaytgan 62 nafar fuqarodan kam daromad topayotgan 7 nafariga oʻzlari istagan ish oʻrni taklif qilinib, daromadli ish joyi bilan taʼminlangan. Bu jarayonda yakuniga yetgan 2024-yilda mahalla maʼmuriyati qoʻllab-quvvatlashi bilan ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlash, daromadli qilish maqsadida 3 ta yoʻnalishda umumiy qiymati 1 milliard soʻmga yaqin imtiyozli kredit sarmoyasi ajratilgan.
Shunday imtiyozlardan samarali foydalangan fuqarolardan biri Nigora Fayziyevadir. Ishsiz va daromadsiz qolgan uy bekasi oʻz qiziqishi va layoqatidan kelib chiqib, zargarlik faoliyatini boshlash niyati borligini aytib, mahalladagi hokim yordamchisi Oʻgʻiloy Mustafoyevaga murojaat qilgan. Unga zarur uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishi uchun tavsiyanoma asosida 33 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratilgan. Dastlab oʻz xonadonida yakka tartibda zargarlik ishini boshlagan Nigora metal va qimmatbaho toshlarga zeb berish hunarini oʻzlashtirishga kirishib, hozirda 3 nafar ishsiz fuqaroni ham yoniga olgan, ularga zargarlikni oʻrgatmoqda.
Shu tariqa "Sara Silver" zargarlik faoliyatiga poydevor qoʻygan Nigora Fayziyeva hozirda “ustoz-shogird” anʼanasiga muvofiq 10 nafardan ortiq yoshga bu hunar sirlarini oʻrgatib kelmoqda. Uning jamoasi sekin-asta bejirim va nafis koʻrinishdagi buyurtmalarni bajarishga oʻtgan. Xomaki, hisob-kitobga koʻra, ayni paytda “Sara Silver”ning yillik sof foydasi qariyb 100 million soʻmni tashkil etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati