Rossiyaning Kemerova shahri yetakchi klinikasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-01-13 13:50:00 / Yangiliklar
Rossiya Federatsiyasining Kemerovo shahridagi yurak-qon tomir kasalliklarining kompleks muammolari ilmiy-tadqiqot instituti professorlari V. Ganyukov va R. Tarasovlar respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga tashrif buyurdilar. Mazkur xizmat safari va filial faoliyatini oʻrganish barobarida Rossiyaning Sibir intervension kardioangiologlari bilan xalqaro kasbiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali kardiovaskulyar tibbiyotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Rossiyalik myehmonlarni muassasa direktori, tibbiyot fanlari nomzodi M. Rajabov boshchiligidagi masʼullar kutib olishib, filialda amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar koʻlami, davolash-diagnostik meʼyor talablari ijrosi, mutaxassislar malakasini oshirish va ilmiy izlanishlarda erishilayotgan yutuqlar, belgilangan rejalar hamda qoʻllanilayotgan yuqori texnologik murakkab operatsiyalar bilan yaqindan tanishtirdilar.
Oʻz navbatida, filialda kardiovaskulyar tibbiyotni rivojlantirish maqsadida Rossiyaning Kemerovo ilmiy tibbiyot instituti hamda uning tizimidagi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni olib borish orqali soha boʻyicha ilm-fan va tajriba oshirish hamda yosh mutaxassislarimizni klinik yoʻnalishda diplomdan keyingi amaliyotni olishlariga sharoit yaratib berish borasida ikki yoqlama kelishuvga erishildi.
Muzokarada taʼkidlanganidek, mutaxassislarimiz tomonidan orttirilgan tajriba va bilimlari bevosita respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali hamda subfiliallari amaliyotida tadbiq qilinib, hamkorligimiz anʼanaviy tarzda davom ettiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati