Xitoy safaridan soʻng: Buxoroga investitsiyalar hajmi oshmoqda
2025-01-09 10:05:00 / Yangiliklar
Xususan, joriy yil viloyatda 1 milliard 300 million dollarlik 607 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalarga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Malayziya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Loyihalar qurilish materiallari, elektr texnikasi, kimyo, toʻqimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, tibbiyot, konchilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Ayni kunlarda ham xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda, yangi loyihalarni ishga tushirish borasida amaliy saʼy-harakat olib borilmoqda. Xususan, xitoylik ishbilarmonlar bilan ham iqtisodiy hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda. Bunda Buxoro viloyati va Xitoy Xalq Respublikasi provinsiyalari delegatsiyalarining muntazam uchrashib turishi, hamkorlikda biznes-forumlar oʻtkazayotgani yaxshi samara bermoqda.
Jumladan, 2024-yilninig 18-26-dekabr kunlari Buxoro viloyati delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Guandun, Xunan, Jiangsu, Shinjon provinsiyalarida navbatdagi xizmat safarini amalga oshirib, respublika rahbariyati, qator yirik idora vakillari hamda kompaniyalar mutasaddilari bilan muzokaralar olib bordi.
Mazkur uchrashuvlar natijasida viloyatimiz investitsiya sanoatidagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish istagi mavjud 45 ta kompaniya bilan 2,1 milliard AQSH dollariga teng 72 ta loyiha portfeli shakllantirildi. Ushbu kompaniya rahbarlari viloyatdagi investitsiya muhiti bilan yaqindan tanishish maqsadida joriy yilning birinchi yarmi davrida viloyatimizga kelishni bildirdilar.
Bu borada amalga oshirilayotgan baʼzi loyihalarga toʻxtalsak, Xitoy Xalq Respublikasining “Sitong Stone Company” kompaniyasi tomonidan viloyatning Peshku tumanida qiymati 20 million AQSH dollariga teng loyihaga muvofiq, granit toshlarini qayta ishlash texnologiyasini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Shunga muvofiq, xitoylik sarmoyadorlardan bir guruhi joriy yil 4-yanvar kuni Buxoro viloyatida boʻlib, masuʼliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “XIN SIFANG STONE” korxonasini davlat roʻyxatidan oʻtkazdilar.
Shuningdek, joriy yilning 2-4-yanvar kunlari Xitoyning “Jiangsu Zhufeng Electromechanical Technology Co., Ltd.” kompaniyasi rahbarlari viloyatimizda boʻlib, Qorovulbozor tumanidagi "BUXORO REAL MOTO" MCHJ korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Muzokaralardan soʻng bu hududda oʻzaro hamkorlikda qiymati 25 million AQSH dollariga teng boʻlgan elektro mototsikl ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha ten manfaatli kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, shu yilning 3-5-yanvar kunlari Xitoyning “Anhui Conch Cement Company Limited” kompaniyasi vakillari viloyatimizda boʻlib, Kogon tumanida qiymati 20 million AQSH dollariga teng sendvich panelli deraza- romlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bitimini imzoladilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati