Kogon: "Ayollar daftari”ga kirgan uy bekalari turar joyi taʼmirlab berilmoqda
2024-12-24 21:10:00 / Yangiliklar
Bugun ogʻir sharoitda yashayotgan oilalar va ulardagi xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, daromad manbaini yaratib berish, tibbiy xizmat, davolanishga boʻlgan ehtiyojini qondirish, yashash sharoitlarini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Albatta, bunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil qilingan “Ayollar daftari” muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Kogon tumanida ham mavjud 23 ta mahalla fuqarolar yigʻinida ijtimoiy qiyin ahvoldagi opa-singillarimizni qoʻllab-quvvatlash, “Ayollar daftari”ga kiritilganlar uchun qulay daromad manbalari yaratish hamda koʻmak berishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Kuni kecha aynan "Ayollar daftari"ning boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar, ijtimoiy yordamga muhtoj birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar toifalariga mansub, uy-joy taʼmiriga koʻmak soʻragan ehtiyojmand ayollarning 5 nafariga madad yordami koʻrsatildi. Uylari tom qismini taʼmirlash maqsadida "Ayollar daftari jamgʻarmasi" hisobidan har bir taʼmirtalab turar joy uchun 45 donadan shifer, shunga yarasha taxta-strapila, keragicha mix mahsuloti yetkazilgani xonadon bekalarini mamnun qildi.
Jumladan, “Tuniroq” MFY da yashovchi Gulixon Husenova, “Xoʻja yakshaba” MFY da yashovchi Manzura Mansurova, “Navruz” MFYda yashovchi Nazira Niyozqulova, “Bahouddin Naqshband” MFYda yashovchi Rohila Qurbonova, “Oʻzbekiston” MFYda yashovchi Mukarram Joʻrayevalar ana shunday eʼtibor va ragʻbatdan bahramand boʻldilar.
— Turar joyimiz tomi shifer qilinmagani sababli koʻp yillardan buyon yogʻingarchilik paytlari tomdan chakki oʻtib, tashvishga qolardik, – deydi “Oʻzbekiston” mahalasida yashovchi Mukarram Joʻrayeva. — Nihoyat, mahallamizdagi va boshqa masʼullar yashash sharoitimizni kelib koʻrganlaridan soʻng, nochor paytimizda bizga madadkor boʻlishmoqda. Uyimizni taʼmirlashga yaqindan yordam berayotganlarga ming rahmat.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati