Vobkent: “Kosari”da yana 3680 metr yoʻl asfaltlashtirilmoqda
2024-12-24 13:35:00 / Yangiliklar
Yilning ikkinchi mavsumida esa shu kunga qadar 76 milliard soʻmlikka teng boʻlgan jami 68 ta loyiha roʻyobga chiqarilib, foydalanishga qabul qilingan dalolatnomalari Oʻzbekiston Respublikasi “Open budjet” portaliga yuklangan. Bu saʼy-harakat bilan oʻnlab qishloq xonadonlari va ularda yashayotgan aholi vakillari duch kelishayotgan tashvish-muammo bartaraf qilingan.
Uch oy burun tumanning "Kosari" MFY Kosari qishlogʻidagi ichki yoʻllar tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan shagʻallashtirilgandi. Ayni kunda birgina tumanda bir kunda 3 kilometrga yaqin ichki koʻchalarga shagʻal yotqizilib, asfaltlashtirilib, taʼmirlash ishlari davom ettirilmoqda.
Jumladan, “Open budjet” loyihasi doirasida “Kosari” MFY aholisi ham jonbozlik koʻrsatib, qishloqlari ichki yoʻlining 3680 metr qismini davlat byudjeti hisobidan asfaltlashtirilishi uchun 4021 ta ovoz yigʻish orqali gʻoliblikka erishgandi. Bugunga kelib mazkur yoʻl uchastkasida taʼmirlash, asfaltlashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Bu esa mahallalar koʻrkiga koʻrk qoʻshib, muhim tarmoqlardan biri sifatida ichki xoʻjalik yoʻllarini taʼmirlash va soz holatda saqlashga xizmat qiladi.
Umuman, Vobkent tumani Yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi maʼlumotlariga binoan, yoʻlsozlar jamoasi tomonidan bugunga kelib hududdagi 178 kilometrdan oshiq yoʻl qismiga xizmat koʻrsatilayotgan boʻlib, shundan 32 kilometr yoʻl qismi respublika ahamiyatidagi, 147 kilometri esa mahalliy ahamiyatidagi yoʻl hisoblanadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati