Peshku: 2025-yilda 12 milliard soʻm imtiyozli mablagʻ issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirishga ajratilmoqda
2024-12-24 11:40:00 / Yangiliklar
— Keyinchalik limonchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligimizni ham tashkil etib, sitrus meva yetishtirishning agrotexnik talablari, sir-sinoatini puxta oʻzlashtirdik,—deydi Nusrat Saidov.—Bir gektar maydonda limonzor barpo etdik. Koʻchat tayyorlab, ularni hududimizdagi fermerlarga, qoʻshni mahallalardagi tomorqachi, issiqxonachilarga yetkazishni yoʻlga qoʻyganmiz. Limonni qanday parvarishlash yuzasidan yoʻl–yoʻriq ham berib, tumanda oʻnlab limonchi issiqxonachi xoʻjaliklar paydo boʻlishida baholiqudrat hissmizni qoʻshdik. Tajribamizdan tushunib yetdikki, loaqal toʻrt sotix yerda 50 tup limon koʻchati oʻtqazsangiz, fursati yetib ulardan 2,5 tonnaga yetkazib hosil olasiz. Bundan keladigan daromadni oʻzingiz hisoblayvering.
Nusrat Saidov oʻz fermer xoʻjaligi negizida limonchilik maktabini yaratishga muvaffaq boʻldi. Hozirda bu issiqxona atigi 1 gektar maydonni egallaganiga qaramasdan, undan har yili barakali hosil olib kelinmoqda. Oʻtgan yillar davomida qishloqda ham Nusrat Saidovga havas qilganlar oʻz limonariyalarini tashkil qilishdi, koʻplar bu mirishkor bogʻbon bilan ustoz-shogirdlik anʼanasini yoʻlga qoʻydi. Bugun hatto, qoʻshni tuman hamda viloyatlardan Peshkoʻ limonchilik maktabi dovrugʻini eshitib kelayotganlar ham oz emas.
Kuni kecha Oʻzbekiston Fermer, dexqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov, shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi oʻrinbosari Zaʼfar Azimov, respublika Markaziy banki kreditlarni maqbullash departamenti boshligʻi Aktam Sayfullayev va boshqa mutasaddilar Peshkoʻ tumani hokimi Hayot Davlatov hamrohligida hududdagi Ibn Sino, “Deycha”, “Sadir” kabi mahalla fuqarolar yigʻinlarida issiqxona xoʻjaliklari faoliyatiga doir amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.
Jumladan, bu borada Ibn Sino MFYda 25 gektar, “Sadir” MFYda 15 gektar, “Deycha” MFYda 15 gektar yer maydonida tashkil etishga kirishilgan aholi ijara xoʻjaliklari va ularda dehqonchilik faoliyatini yuritayotgan issiqxonalardan samarali foydalanish ahvoli oʻrganildi.
Masalan, Sadir qishlogʻida yashovchi issiqxonachi tadbirkor Bahodir Badalov ayni kunda 60 sotixdan iborat issiqxonasida yomgʻir suvini bir nuqtada toʻplab foydalanish tarmogʻini yaratgani holda, yomgʻir suvidan 100 tonnagacha suv yigʻib, mahsulot yetishtirishda tomchilatib sugʻorish tizimini ishga tushirib, bundan moʻl hosil olish harakatiga kirishgan. Albatta, uning oilasi aʼzolari bu usul xoʻjalikda oʻzini oqlashiga ishonadilar. Viloyat va respublika mutasaddilari esa bu tejamkor tajribani boshqa xoʻjaliklarga ham qoʻllash zarurligini tavsiya qilishmoqda.
Umuman, tomorqa va issiqxona xoʻjaliklarini koʻzdan kechirish asnosida respublika Fermer, dexqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi jamgʻarmasi hamda tijorat banklari bilan hamkorlikda dehqonchilikni yanada rivojlantirish, tomchilatib sugʻorish va boshqa afzalliklar, muqobil energiya manbai asosida hosil yetishtirish texnologiyalariga oid birgina Peshkoʻ tumanida 2025-yil davomida jami 12 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi ajratish loyihalari ishlab chiqilgan. Albatta, bu sarmoya yuqoridagi kabi mahallada barqaror mahsulot yetishtirib kelayotgan peshqadam issiqxona xoʻjaliklari ish faoliyatini rivojlantirish, ularda zamonaviy texnologiyalarni amalda qoʻllashga yoʻnaltiriladi.
Kun davomida Ibn Sino, Deycha va Sadir mahallalarida aholi tomorqa xoʻjaliklari bilan tanishgan mutasaddilar ekin yeridan unumli foydalanishga doir targʻibot-tushuntirish ishlarini olib bordilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati