Zhongshan shahrida Buxoro viloyatining “Savdo uyi” tashkil qilindi
2024-12-19 20:15:00 / Yangiliklar
Tashrif doirasida Xitoy xalqaro texnologik va hamkorlik assotsiatsiyasida Xitoyning yirik elektrotexnikalar va energetika sohasidagi “China Lesso” kompaniyasi bilan Buxoro viloyatida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda energetika sohasida xususiy sektor bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib borildi.
Kompaniya mutasaddilari bilan muloqotda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Xitoy oʻrtasida barcha sohalar qatori energetika tarmogʻida, xususan, “yashil” energetikani rivojlantirish borasida qator yirik loyihalar amalga oshirilayotgani, bu borada ikki mamlakat rahbarlarining mazkur sohalarni faol qoʻllab-quvvatlayotganliklari hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani alohida qayd etildi.
Xususan, olib borilgan ishlar natijasida bugungi kunda Xitoyning “Gezhouba Overseas Investment Group” kompaniyasi tomonidan Qorovulbozor tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurib foydalanishga topshirildi. Hozirgi kunda u energetika tarmogʻiga toʻliq quvvatda “yashil” elektr energiyasini yetkazib bermoqda.
Muzokara davomida Buxoro viloyatining investitsion muhiti toʻgʻrisida taqdimot qilindi va oʻzaro hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Kompaniya rahbariyati Kogon tumanida barpo etilayotgan “Buxoro sanoatni rivojlantirish parki” maxsus sanoat zonasi qiziqish uygʻotdi va bu hudud investorlar, xususan, xitoylik sarmoyadorlar uchun investitsiya kiritish uchun juda katta imkoniyat ekanligi taʼkidlandi.
Shunga koʻra, mazkur sanoat parkida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastlabki hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu bilan birga, Zhongshan shahri rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi hamda har tomonlama oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olindi. Xususan, 2025-yilning 2- choragida “Buxoro- Zhongshan investitsiya forumi”ni oʻtkazishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, Buxoro delegatsiyasi Zonshan shahrining bir qator yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi, ikkim tomonlama manfaatli hamkorlik qilish yuzasidan muzokaralar oʻtkazilib, qator kelishuvlarga ham erishildi.
Jumladan, “Guangzhou Chunyiyuan Co LTD” kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat sanoati uchun bir martalik ishlatiladigan idishlar, “Mingyang” kompaniyasi tomonidan transformatorlar, "Taili" kompaniyasi bilan birga uy-roʻzgʻor buyumlari hamda maxsus uniformalar (zirxlangan) ishlab chiqarishga kelishib olindi.
Shuningdek, Zhongshan shahrida Buxoro viloyatining “Savdo uyi” tashkil qilindi. Mazkur savdo uyida Buxoro viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlar koʻrgazmasi oʻtkaziladi. Bu oʻz navbatida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun mahsulot eksportlarini amalga oshirishda muhim rol oʻynaydi.
Tashrif davom etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmat