Vobkent: ariqlarni betonlashtirish 30 foizgacha suv isrofgarchiligiga barham beradi
2024-12-18 15:00:00 / Yangiliklar
Hududda 2024-2025-yillarda kuz-qish mavsumida rejalashtirilgan irrigatsiya tadbirlariga binoan, jumladan, tuman Irrigatsiya boʻlimi tomonidan xoʻjaliklararo kanallar va ariqlarni tozalash rejasi 210 kilometr belgilangan boʻlib, shundan soʻnggi ikki oyda 6,3 kilometr masofadagi suv yoʻli oʻzani qoʻl kuchi va maxsus texnikalar yordamida tozalanib, betonlashtirish ishlari talab darajasida olib borilgan. Fermer xoʻjaliklarida ishning uyushqoqlik bilan tashkillashtirilayotgani samarasi oʻlaroq, bu borada joriy yil yakunigacha umumiy hisobda 37 kilometrdan oshiq ariq oʻzanini betonlashtirish ishlari nihoyasiga yetkaziladi.
Ayni kunda tumanda suv xoʻjaligi tashkilotlariga qarashli 26 ta irrigatsiya tarmogʻidan foydalanib kelinayotgan boʻlib, bu xoʻjaliklararo kanalar uzunligi 143 kilometrni tashkil etmoqda. Ushbu kanallarning ayni paytda 100 kilometrdan oshiq qismi betonlashtirilgan boʻlib, qolgan tuproq oʻzanli qismini taʼmirlash va suv ravon, isrofgarchiliklarsiz oqib oʻtishini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Qolaversa, tumanda klaster va fermer xoʻjaliklari hisobidagi 460 kilometr ichki kanal va ariqlardan toʻgʻri, unumli foydalanish dolzarb vazifaga aylangan. Zero, bundan maqsad sugʻorish mavsumi davrida ichki sugʻorish tarmoqlari orqali yetkazib berilayotgan “ob hayot”ning 30 foizdan koʻprogʻining yoʻqotilishi yoki yerga singib ketishi oldini olishdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati