Olot: Jumayevlar issiqxonasidan bayram dasturxoniga sarxil pomidor yetkazilmoqda
2024-12-17 18:15:00 / Yangiliklar
Qishloqda ekin yerini yashnatib, tomorqani daromad manbaiga aylantirgan mirishkorlardan biri “Dilkor” MFYda yashovchi Muhammad Jumayev boshchiligida oila aʼzolaridir. Bu oilaning yutugʻi hovlisi etagida, qariyb 20 sotix maydonda ekin yeriga ega boʻlib, har yili peshma-pesh sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirib, roʻzgʻordan ortganini qishloqdoshlar dasturxoniga yetkazib keladi.
Dehqonchilikdan baraka topayotgan mehnatkash xonadon bugunga kelib ekin yerining 17 sotix qismida issiqxona barpo qilib, har yili uch martagacha kartoshka, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri va turli koʻkatlardan moʻl hosil yetishtirmoqda.
Joriy yil ikkinchi yarmida Jumayevlar oila aʼzolari issiqxona ishiga alohida eʼtibor qaratib, serhosil navga mansub pomidordan yaxshigina hosil olish arafasidalar. Bundan qoʻlga kiritilayotgan daromad salmogʻi esa 200 million soʻmdan kam emas. Holbuki, xoʻjalikda oʻtgan yilgi dehqonchilik mavsumida issiqxonada yetishtirilgan sabzavot-poliz mahsulotlaridan 150 million soʻmdan ortiq foyda olishga erishilgan.
Albatta, mutaxassis agronomlar bilan maslahatlashgan holda issiqxona agrotexnikasiga qatʼiy amal qilib, sabzavot mahsulotlari mavsumiga qarab, almashlab ekilmoqda. Shu yilning avgust oylarida issiqxonani tayyorlab, yerni mahalliy oʻgʻitga toʻyintirib, obdon sugʻorib, soʻng chuqur haydab, pomidorning “Betis” navidan 20 ming dona koʻchat oʻtqazilib, parvarishga kirishilgan. Nihollarga vaqtida dorilash, biologik ishlov ham berilgan. Bilamizki, issiqxona mehnati oson ish emas, shu bois, Jumayevlar 17 sotixli issiqxonaga qoʻni-qoʻshnidan ham 4 nafarini yollab, ularni ham quruq qoʻyishmagan.
— Yerning “tili”ni bilib, astoydil ter toʻkkan kishi aslo kam boʻlmaydi. Toʻgʻri, plyonka ostida hosil yetishtirishning mashaqqati ham koʻp. Qishki mavsumda bu alohida yondashuv va mablagʻni taqozo etadi. Ammo shunga qaramasdan, oilamiz bilan bor imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qilmoqdamiz,—deydi xonadon sohibi Muhammad Jumayev. — Muhimi, bozorda oʻz oʻrnimizni topib, mehnatimizga yarasha moddiy manfaat topayapmiz. Koʻrib turganingizdek, yangi yil bayrami arafasida hosil tayyor boʻldi, pomidordan yaxshi hosil koʻtarish harakatidamiz.
Shubhasiz, dehqonchilikda katta tajriba orttirgan xonadonda olinayotgan mahsulot ham oila farovonligiga xizmat qilmoqda. Halol mehnatdan kelayotgan daromad oila orzu-havasi roʻyobiga, farzandlar taʼlim-tarbiyasiga, roʻzgʻor badastirligiga sarflanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
Viloyat hokimligi matbuot xizmati