Vobkent: Choyxona qishlogʻilik Toʻxtayevlar issiqxonasida bulgʻor qalampiri yetilmoqda
2024-12-12 12:30:00 / Yangiliklar
Ayni kunda hududdagi Pichoqchi, Xalach, Ogʻari, Kaltarabot, Rome, Boylik, Shakarkent kabi qishloqlarda umumiy hisobda 1 ming 69 ta xonadon, 2 ming 300 ga yaqin oila va jami 5 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan boʻlsa, ularda aholi tomorqalaridan, issiqxonachilik xoʻjaliklarida istalgan fasl yoki mavsumda sara hosil yetishtirilayotganini koʻrish mumkin.
Jumladan, Xalach va Pichoqchida chogʻroqqina ekin yeridan yilda 3-martagacha hosil olish hadisini oʻzlashtirgan mirishkor oilalar talaygina. Mahallada “Bir qishloq – bir mahsulot” tamoyili asosida pomidor, bodring, kartoshka, karam va boshqa sabzavot mahsulotlari, “toʻqsonbosti” ekinlar, qolaversa, koʻkat yetishtirib moʻmay foyda olish yaxshi anʼanaga aylangan.
Koʻp yildirki, mahalla mirishkorlari oʻz issiqxonalarida barakali hosil yetishtirib, nafaqat mahalliy bozorda, balki qoʻshni tumanlarga ham sotib, shuning orqasidan daromad orttirib kelishmoqda. Omilkorlar mahallasida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Vobkent tomorqa xizmati” korxonasi, “Vobkent tomorqa eksport xizmati” kooperativi, yaʼni issiqxona xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlovchi subyektlar faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgani dehqon–mirishkorlar uchun ayni muddao.
“Xalach” MFY Choyxona qishlogʻida yashovchi Shahzoda Toʻxtayeva xonadonida ham oila aʼzolari 15 yildan buyon issiqxonada ishlab, har yili qishki mavsumda qishloq xjaligi mahsulotlari yetishtirib kelishayotgani tahsinga loyiq. Tomorqa yerining 3 sotix maydonidagi issiqxonada shu kunlarda bulgʻor qalampiri yetishtirilayotgan boʻlib, mirishkorlar bundan hademay 13 millon soʻm daromad olishni koʻzlab turishibdi.
Oila bekasi Shahzoda Toʻxtayevaning aytishicha, yil boshidan ekin yerining bir qarichini ham boʻsh qoldirmasdan, unda peshma-pesh kartoshka, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri parvarishlab kelishayotgani natijasida xonadonda roʻzgʻor kam-koʻsti qoplanmoqda. Bu oilaning 4 nafar aʼzosi tinib-tinchimasligi ortidan har yilgi “reja-grafik”ka binoan, fevral, mart oylarida ertapishar pomidor koʻchatlari urugʻdan ekib undirilib, tomorqachi aholi xonadonlariga yetkazib beriladi. Albatta, bundan erishilayotgan foyda ham chakkimas.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati