Vobkent: “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi — amalda
2024-12-07 17:30:00 / Yangiliklar
Jumladan, sabzavotchilik yoʻnalishida 12 ta, kartoshkachilikda 2 ta, polizchilikda 4 ta, meva-bogʻdorchilik, rezavor hamda sarxil meva yetishtirishda, parranda va chorvachilik tarmogʻida jami yigirmadan ortiq, qolaversa, anor va anjir yetishtirish, hovlilarda sarxil navli tokzorlarni kengaytirishda alohida xoʻjaliklar shakllantirilayotgani ham aholi dasturxoni toʻkinligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligida band boʻlgan issiqxonachi xonadonlar moddiy manfaatdorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Tuman hokimligi, ijtimoiy himoya milliy agentligi, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi hamkorligida Gʻaribshoh va boshqa mahallalarda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi asosida koʻrgazmali seminarlar tashkillashtirilmoqda.
Ayni kunda Vobkent tumanida aholi tomorqachilari soni 30 ming 809 nafarga yetgan boʻlsa, 2 ming 853 gektar yer maydonida sabzavot-poliz mahsuloti yetishtirilmoqda. Tahlilardan koʻrinishicha, 2023-yilda tumandagi 617 ta xonadonda jami 8,6 gektar yerda issiqxona xoʻjaligi faoliyat yuritgan boʻlsa, joriy yil bugunga kelib issiqxona maydoni 10 gektardan oshirilib, issiqxona xoʻjaligida band boʻlgan xonadon soni 800 taga yetkazilgan. Aniqrogʻi, bir yilda 183 ta xonadon issiqxonachilikka oʻtib, 1,7 gektar yerda plyonka ostida mahsulo yetishtirib kelinmoqda.
— Respublika ishchi guruhi va tuman Fermer dehqon xoʻjaliklari va tomarqa yer egalari Kengashi tomonidan kuni kecha "Gʻaribshoh" MFY da istiqomat qilayotgan yana 2 ta kambagʻal oila bandligini taʼminlash, daromadini yaxshilash maqsadida homiylik asosida uylari taʼmirlab berilgan, – deydi tuman hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari Ozod Noʻkarov. — Shuningdek, bu xonadonlar ekin yeri haydalib, “toʻqsonbosti” usulida sabzavot ekinlari ekib berilgan. Xuddi shunday, ikki hovli tomorqasi atrofida 30 tupdan oʻrik va limon koʻchatlari oʻtqazilib, parvarishi boshlangan. Umuman, gʻaribshohliklar xonadonlariga 1 ming tupdan ziyod mevali daraxt koʻchati tarqatilib, boʻsh yer maydonlarida oʻtqazilmoqda.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 23-sentyabrida qabul qilingan “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi farmoni dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.
Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Biznesga birinchi qadam” dasturlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 million soʻmgacha boʻlgan kichik ishlab chiqarish uskunalari, koʻchma doʻkonlar, motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni sotib olish uchun 5 yil muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan garovsiz va foizsiz qarz mablagʻi ajratiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati