Jondor: “Dalmunobod”da qurilgan umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi
2024-12-07 12:35:00 / Yangiliklar
Joriy yil ijtimoiy ishlab chiqarish va infratuzilma dasturi asosida tumanning Dalmunobod mahallasida 38-sonli umumta’lim maktabi yangidan barpo etildi. Hududda aholi farzandlari uchun ko‘p yildirki, talab darajasidagi ta’lim muassasasining bo‘lmagani nihoyat, bu ehtiyojni ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ldi.
Mazkur loyiha qiymati 5 milliard 500 million so‘mga moliyalashtirilgan bo‘lib, 660 o‘quvchi o‘rniga ega mazkur ta’lim dargohi binosining qurilishida mahalliy pudratchi sub’yektlardan “Zayniddin Halovuddin” MCHJ binokorlari jonbozlik ko‘rsatdilar.
Kuni kecha zamonaviy andozada qad rostlagan ta’lim maskanini foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari, maktab pedagogik jamoasi hozir bo‘ldilar.
— O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 32 yilligi arafasida yangi maktabga ega bo‘lganimiz nafaqat o‘quvchilarimiz va hamkasblar, butun mahallalamiz uchun ko‘pdan kutilgan katta sovg‘a bo‘ldi, – deydi 38-sonli umumta’lim maktabi direktori Fayoz Tursunov. — Ayni kunda maktabimizda 540 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda va ular uchun zarur shart-sharoit bekamu ko‘st yaratilgan. Hozirda yangi binoda hozirlangan qulayliklar, sinf xonalari yetarlicha jihozlangani malakali o‘qituvchilar uchun katta yutuq, albatta. Yangi ta’lim dargohi yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar maktab jamoasi va o‘quvchilarni samimiy tabriklab, yoshlarning yurt uchun munosib farzandlar bo‘lib voyaga yetishlariga ishonch bildirdilar. Ramziy alvon lenta qirqilgach, yig‘ilganlar ta’lim maskanida yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati