Jondor: "Joʻrayeva Xushvaqt", “Voris kashtachilari” va boshqa korxonalar faoliyati rivojlantirilmoqda
2024-11-09 13:20:00 / Yangiliklar
Masalan, ayni kunda Ibn Sino mahallasida faoliyat yuritayotgan "Joʻrayeva Xushvaqt" MCHJ rahbari Xushvaqt Joʻrayeva yakka tartibda boshlagan moʻjaz tikuv sexini kengaytirib, bugunga kelib 30 nafarga yaqin xotin-qizni doimiy ish bilan taʼminlagani eʼtirofga loyiq. Muhimi, chevar jamoasidagi oʻnga yaqin tikuvchi ayol shu kunga qadar ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ehtiyojmand oilalar bekalari edi. Endilikda ular halol mehnat bilan moddiy manfaat topib, roʻzgʻor tebratishib, "yagona ijtimoiy reestor"dan chiqishgan. Tikuvchilik sexida esa asosan turli buyurtmalar, korjomalar, bozor va savdo rastalari uchun urf boʻlgan milliy nimchalar tikib yetkazilmoqda.
"Ushot" MFY, Hunarmandlar mahallasida faoliyat yuritayotgan “Voris kashtachilari” kichik korxonasi ham milliy kashtachilik va tikuvchilikda tajriba orttirmoqda. Shaxnoza Sharipova rahbarligidagi bu masʼuliyati cheklangan jamiyati shu atrofdagi mahalla va qishloqlardan 50 nafarga yaqin chevarni jamlagan boʻlib, ularni har oyda 2-2,5 million soʻm atrofida maosh bilan taʼminlamoqda.
Bunda ham tashabbuskor, yoshligidan kashtadoʻzlik sirlarini puxta oʻrgangan Shahnoza Sharipovaning hunarmandchilik markazini tashkil etishda "Mikrokreditbank"ning viloyat filiali moliyaviy koʻmagida yaqin hamkorlik oʻrnatgani tikib tayyorlanayotgan qoʻl mehnati namunalarini koʻpaytirish va xaridorlar safini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Chevarlar oilaviy kasanachilikni ham yoʻlga qoʻyib, uyda oʻtirgan chevar ayollar orqali buyurtmalarni tikib tayyorlashmoqda.
Xuddi shunday, ayni kunda tumanning Luqmon mahallasida 14 nafar ayolni ish bilan taminlab tikuvchilik sexini tashkil kilgan yosh tadbirkor Rushana Farmonova, Ibn Sino mahallasida xususiy klinika tashkil qilib, samarali davolashni yoʻlga qoʻygan Shaxnoza Ramazonova, oʻzining hovlisidagi tomorqa yerini obod qilib, issiqxona barpo qilib, barakali hosil yetishtirish tajribasini oʻzlashtirgan, unda sitrus mevalar va gul yetishtirishni samarali yoʻlga qoʻygan ushotlik Mukarram Azimovalar faoliyatini ham boshqalarga ibrat qilib koʻrsatsa arziydi.
Muhimi, viloyat tegishli boshqarmalari, mahalliy hokimlik, maʼmuriy sektorlar koʻmagida bu kabi korxona va sexlar faoliyatini rivojlantirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirib, hududda ishsizlikni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati