Olot: Jumayevlar oilasi issiqxonasida qishga munosib zahira tayyor
2024-10-24 12:55:00 / Yangiliklar
Ayni kunda birgina Chovdur mahallasida har 4 ta oilaning birida, ya’ni mahalladagi 350 tadan ortiq xo‘jalikda ixcham issiqxona qurib, mehnat ortidan yaxshi daromadga erishib kelinmoqda. Bunda yilning to‘rt faslida ham tomorqani yashnatib, avvalo ro‘zg‘orga zarur sabzavot-poliz mahsulotlarini zahira qilayotgan xo‘jaliklar safi kengaymoqda. Mahalla ma’muriyati amaliy ko‘magida hududda subsidiya asosida issiqxonachilik ham rivojlantirilmoqda.
Shu mahallada yashovchi Ne’matjon Jumayev oilasini olsak, xonadon sohibi tomorqasining 6 sotix yerida issiqxona tashkil etib, har yili barakali hosil yetishtirmoqda. Erta bahordan kartoshka, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring va kech kuzga kelib turli ko‘katlar ham ekib parvarishlamoqda. Shu kunlarda esa bodring va bulg‘or qalampiri egatlarida nishona hosil bo‘y ko‘rsatgan, hademay mahsulot saranjomlanadi. Tomorqa hosili tez kunlarda bozorga olib chiqiladi.
—Issiqxonamiz o‘rnida bir paytlar hovuz bo‘lardi. Ana shu joyni tekislab, obod qilib, yaxshi niyat bilan issiqxona barpo etganmiz,—deydi Ne’matjon Jumayev.—Yerni boqsang, yer seni boqadi degan gap bejiz aytilmagan ekan, hosildorlik yaxshi, endilikda issiqxona maydonini kengaytirib, limon va boshqa sitrus meva yetishtirishni ham yo‘lga qo‘yish harakatidamiz. Buning uchun mahallamizdagi hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida rasmiylashtirib olgan 33 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i qo‘l kelmoqda.
Umuman, “Chovdur” MFY raisi Feruz Sobirovning bildirishicha, ayni paytda tomorqachilik madaniyati shakllanayotgan hududda bo‘sh yerlardan, ekin yeri har qarichidan unumli foydalanish maqsadida issiqxonalarni ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Yerga munosabatning o‘zgarayotgani bois, hademay, chovdurliklarning har ikki xonadonidan biri issiqxonasiga ega bo‘lsa, ajabmas. Albatta, bu yilning to‘rt faslida dehqonchilik qilib, mo‘l hosil yetishtirish, daromad topish imkonini beradi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati