Shofirkon: “Sanjar Samandar fayz-2020” MCHJ 250 ming AQSH dollarilik mahsulot eksport qiladi
2024-09-13 12:40:00 / Yangiliklar
Asosan, un ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning yillik ish quvvati 20 ming tonna bug‘doyni qayta ishlash va iste’mol uchun sifatli un tayyorlashga mo‘ljallangan. Korxona rahbari Sulton Haydarov tashabbusi bilan joriy yilning birinchi yarmida un zavodi faoliyatini kengaytirish choralari ko‘rilib, zamonaviy rusumdagi ikkinchi un tegirmoni qurib ishga tushirildi. Shu maqsadda korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan 4 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, ishga tushirilgan qo‘shimcha quvvat hisobidan yana 10 nafardan ortiq ishchining bandligi ta’minlanmoqda.
Ishlab chiqarish uchun zarur xom ashyo, sara bug‘doy esa mahalliy va qo‘shni Vobkent, Peshko‘, G‘ijduvon va boshqa tumanlar fermer xo‘jaliklaridan shartnoma asosida xarid qilinmoqda. Korxonada ishlab chiqarilayotgan "Fayz Baraka" brendi ostidagi mahsulot xaridorlar e’tirofiga sabab bo‘lmoqda va mijozlari safini kengaytirmoqda.
Faoliyati barqaror yo‘lga qo‘yilgan korxonaning ishlab chiqarish quvvati kuniga 50 tonnani tashkil etib, bundan sutkasiga o‘rtacha 15 tonna atrofida sifatli un mahsuloti qoplarga qadoqlanayotgan bo‘lsa, sifatli mahsulot ichki bozor bilan birga chet eldagi buyurtmachilarga, jumladan, qo‘shni Turkmaniston va Afg‘oniston respublikalariga eksportga yetkazib berilmoqda.
Shuning barobarida, korxona tumandagi eksportchi korxonalar safiga qo‘shilgani holda joriy yilning birgina avgust oyida 25,5 ming AQSH dollariga teng un mahsuloti qo‘shni Afg‘oniston respublikasiga yetkazib berilgan.
Umuman, ayni kunda “Sanjar Samandar fayz-2020” MCHJ tomonidan joriy yil yakuniga qadar yana 250 ming AQSH dollariga teng mahsulotni eksportga chiqarish maqsad qilingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati