Shofirkon: “Bog‘iafzal”, “Sh.Rashidov” va boshqa hududlarda paxta yig‘im-terimi jadallashdi
2024-09-13 11:50:00 / Yangiliklar
Dala boshida esa ular uchun issiq ovqat, zarur paytda transport xizmatini joriy etish fermer xo‘jaliklari rahbarlari zimmasiga yuklangan.
Yig‘im-terimni peshqadamlar safida boshlagan subyektlardan biri “Bog‘iafzal” hududidagi “Bog‘iafzal oltin dalasi” fermer xo‘jaligi bo‘lib, ayni kunda xo‘jalik dalalarida ish qizg‘in. Joriy yilda fermer xo‘jaligi 20,6 gektar maydonda “Buxoro-10” naviga mansub chigit ekilgan bo‘lib, bundan hademay 90 tonnalik hosil olish maqsad qilingan. Kunlik “oq oltin”ni davlat xirmoniga yetkazishda 40 nafar atrofidagi terimchi faollik ko‘rsatmoqda. Oppoq yastanib yotgan paxtazor terimchi chevarlar uchun raqobat maydoniga aylangan go‘yo.
Bundan tashqari, “Vardonze” hududidagi, ayni kunda Sh.Rashidov MFYda faoliyat yuritayotgan “Shohruhbek Shohimardon” fermer xo‘jaligi ham yil bo‘yi yetishtirilgan paxta hosilini saranjomlashga kirishgan. Xo‘jalik bu yilgi mavsumda 24 gektar maydonda rejaga muvofiq 35 tonna “oq oltin” yetishtirishni ko‘zda tutgan. Bu fermer xo‘jaligiga biriktirilgan 85 nafar terimchi paxtani o‘z vaqtida va nes-nobud qilmasdan terib olishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Statistik ma’lumotlarga binoan, chekka tumanda joriy yilda 8900 gektar yerga chigit ekilgan bo‘lib, shundan "Buxoro zarhal teks" MCHJ ga qarashli 91 ta fermer xo‘jaligida 2412 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Bundan MCHJ mirishkorlari hademay, “oq oltin” yig‘im-terimida 9558 tonna xirmon ko‘tarishni maqsad qilishgan.
Hududda "Buxoro agroklaster" MCHJ bilan hosil yetishtirishga doir shartnoma tuzgan 208 ta fermer xo‘jaligida esa 4516 gektar yerda chigit ekib, g‘o‘za parvarishlanayotgan bo‘lib, bundan xo‘jaliklarda 18 ming tonnaga yetkazib xirmon bunyod etish ko‘zlangan. Xuddi shunday, tumanda "WBM Romtex" MCHJ tasarrufidagi 62 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 1972 gektarda serhosil navlarga mansub g‘o‘za parvarishlanayotgan bo‘lib, bundan davlat xirmoniga 7676 tonnalik yuqori sifatli sanoat xom ashyosini qo‘shishga ahd qilingan.
Umuman, dalada yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish — shu kunning dolzarb ishi. Bunda har bir fermer xo‘jaligi, terimchilar otryadlari katta xirmonni boyitishda astoydil hissa qo‘shmoqda. Paxta yig‘im-terimi davom etar ekan, "oq oltin" xirmoni yuksalgani sayin xo‘jaliklar va ularga yordamlashayotgan hasharchi terimchilar moddiy manfaatdorligi oshib boraveradi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati