Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasidagi yangilanishlar
2024-09-13 10:30:00 / Yangiliklar
![Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasidagi yangilanishlar](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F35880919-34b9-d73d-a531-039e6c3c22ff_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashriflari davomida berilgan tavsiyalariga binoan avvalo, “Toqi miyona” darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak tiklangani, endi ziyoratchilar Bahouddin Naqshband maqbarasiga sunnatga muvofiq qibla tarafdan yurib borishlari, yuz yil vayron bo‘lib yotgan bu darvozaning tiklangani—o‘zlikni anglash, tarixga hurmatimiz ifodasidir. Bu tarixiy ahamiyatga ega yodgorlik majmuasidagi har bir obida, xonlar dahmalari o‘z bitigiga ega bo‘lib, ziyoratga kelayotganlar qadamma-qadam tarixni o‘rganib, ma’naviy ruh olishayotgani ham haqiqat.
Endilikda “Toqi miyona” darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgani, ko‘p asrlik tarixdan so‘zlovchi muzey va uning yonidan tahoratxona barpo etilgani, shuning barobarida yo‘qolib borayotgan “Doniyolbiy” madrasasi qayta tiklangani yuqoridagi fikrimiz dalolati. Tarixiy majmua ayni paytda yurtimiz olimlari, ilmiy tadqiqotchilar tomonidan ham chuqur o‘rganilib, ulug‘ Pir Bahouddin Naqshband siymosiga bo‘lgan qiziqish kuchaymoqda.
Naqshband ilmiy merosi o‘rganilmoqda. Chet davlatlardan tarixiy-ilmiy manbalarni topib, olib kelish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, muzeyni Imom Buxoriy majmuasidagidek mazmunan boyitish yo‘lida izlanishlar boshlangan. Shuningdek, muqaddas qadamjo hududida ziyoratchilar, jumladan, xorijiy turistlar uchun qulayliklarni kengaytirish, qishga ham, yozga ham mos sharoitlar yaratish bo‘yicha amaliy ishlar ado etilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Bahoudin Naqshband majmuasida o‘tgan 2023-yildan boshlab katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Hozirga qadar ziyoratgoh atrofi devorlari yangilandi, majmua ichkarisidagi yo‘laklar to‘liq ta’mirlandi. O‘tgan oylarda “Toqi Miyona” darvozasi, “Doniyolbiy Otaliq” madrasasi tarixiy ko‘rinishini tiklash, 100 kishiga mo‘ljallangan erkaklar va ayollar tahoratxonasi, muzey, “Dahmai shohon” dahmasi va boshqa bir qator tarixiy obyektlarni qayta qurish ishlari keng ko‘lamda olib borildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qadimda Buxoro shahrining 11 darvozasidan biri sanalgan “Mozori Sharif” darvozasidan to‘g‘ri yo‘l bo‘lib, “Toqi Miyona” darvozasidan mo‘tabar Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga kirilgan. “Darvozai Dilovar” kompleksida amir Doniyolbiy tomonidan barpo etilgan madrasa, o‘zi va yaqinlari uchun qurilgan maqbaralar bo‘lgan. Mazkur madrasada talabalarning yashashi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Diniy ta’lim dargohi sanalgan madrasada shuningdek, ehtiyojmand bemorlarga bepul oziq-ovqat, kiyim-bosh, davolanish uchun dori-darmon berilib, kerakli muolajalar ko‘rsatilgan. Ming afsuski, madrasa o‘tgan asrning 30-yillarida to‘liq vayron qilingan. Bugungi kunda madrasaning bizgacha yetib kelgan poydevori arxeologlar tomonidan aniqlanib, saqlanib qolgan eski fotosuratlar,chizmalar va vaqf hujjatlariga asosan yangidan barpo etildi. Bahouddin Naqshband dahmasiga olib boradigan yo‘laklar va “Dahmai Shohon” devorlari ham ta’mirdan chiqarilgan.
Shu bilan birga, ziyoratgoh hududiga kirgan milliy uslubdagi yangi darvoza qayta qurilib, ziyoratgoh hududi ko‘kalamzorlashtirilmoqda. Majmua atrofida avtomobillar to‘xtash joylari ham qurilmoqda. Bu kabi sa’y-harakatda Madaniy meros agentligi buyurtmachiligida pudratchi tomoni "Buxoro gaz sanoat qurilish" MCHJ ishchi-mutaxassislarining ham alohida jonbozligi bor. Negaki, bunda bajarilgan ta’mirlash-tiklash ishlariga 200 nafarga yaqin usta hamda 30 tadan ortiq maxsus texnika vositasi jalb qilingani holda keng ko‘lamdagi loyiha amaliyoti bajarildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati