Kogonda yiliga 10 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniga ega xorijiy korxona ish boshladi
2024-08-24 11:25:00 / Yangiliklar
Ayniqsa, xorijlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qo‘shma korxonalarda mahalliy xomashyodan sifatli, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu ichki bozor talabini to‘la qondirish bilan birga, ishlab chiqarish va eksport hajmining ortishiga xizmat qilmoqda.
Bugun Kogon tumanining “Beklar” aholi punktida ish boshlagan “Liya Tekstile” xorijiy korxonasi ham nafaqat viloyatimiz yengil sanoati rivojiga hissa qo‘shadigan, balki yangi ish o‘rinlari orqali aholi xonadonlariga daromad olib kiradigan yirik subyektga aylandi.
Qayd etish joizki, bundan ikki yil avval turkiyalik ishbilarmon Keskin Mehmed Shirin “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining Kogon tumani hududida trikotaj matoni to‘qish va bo‘yash loyihasini amalga oshirish tashabbusi bilan chiqqandi. O‘tgan davr mobaynida korxonani tashkil etish bo‘yicha ta’sischi tomonidan 6,4 mln. AQSH dollarga teng bo‘lgan investitsiya jalb qilindi, bir paytlar sho‘rxok yerlardan iborat hududda ko‘rkam inshoot qad rostladi, Turkiya va Xitoydan zamonaviy texnogiyalar keltirib o‘rnatildi. Shu tariqa yirik sanoat ishlab chiqarish korxonasiga asos solindi.
Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga berilayotgan e’tibor tufayli yirik ishlab chiqarish majmualari shakllanayotganini alohida ta’kidladi. Bu o‘z nabatida aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirishda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.
E’tirof etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarni tubdan yangilash va modernizatsiya qilishga qaratilgan keng miqyosli islohotlar olib borilmoqda. Bugun innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, zamonaviy sanoat, qulay sarmoyaviy muhitni yaratish, xorijiy davlatlar va yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Xorijiy investitsiya ishtirokida tashkil etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi mazkur korxona ham bu boradagi sa’y-harakatlarning yana bir amaliy tasdig‘idir.
Korxona yiliga 2400 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, 100 dan ortiq fuqarolarni ish bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, korxona tomonidan yiliga 10 mln. AQSH dollardan ortiqroq mahsulotlarni Yevropa va qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Tadbirda so‘z olgan Keskin Mehmed Shirin xorijiy investitsiyalarning butun yurtimiz bo‘ylab kirib kelishiga asosiy sabab, bu - Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar mevasi ekanligini ta’kidlab, shu jarayonlarda bevosita ishtirokchi bo‘layotganidan mamnunligini bildirdi.
Ramziy lenta qirqilib, yig‘ilganlar korxonada yaratilgan shart-sharoitlar, ishlab chiqarish quvvatlarining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati