Olot: “Xalifa”da sanoat korxonalari soni ortmoqda
2024-08-23 15:40:00 / Yangiliklar
Ahamiyatli jihati, yillik ishlab chiqarish quvvati 3 ming tonna aralash tolali ip kalavani tayyorlab chiqarayotgan korxonada o‘nlab mahalliy oilalar moddiy manfaatdorligi ta’minlanmoqda.
Shu mahallada mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi "Olot spinner" korxonasi ham faoliyat yuritib kelmoqda. Ayni kunda yangilanish, bunyodkorlik ishlari va ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish borasida ish olib borayotgan mazkur korxonada 130 dan ortiq fuqaro ish bilan ta’minlangan. Bu ishlab chiqarish subyekti bir yilda 5 million kvadrat metr hajmdagi to‘quv va 3 million pagonometr hajmdagi yigiruv ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Yuqoridagi korxonalarga yondosh yana bir ishlab chiqarish maskani “Shox Gold Tekstil” MCHJ faoliyati ham keyingi oylarda rivojlanish bosqichida. Bugunga kelib mazkur korxona 1 ming 200 pagonometr miqdoridagi bo‘z mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Erishilayotgan yutuqlariga nazar solsak, bu korxona tomonidan 2023 yil davomida 230 ming AQSH dollari miqdoridagi bo‘z mato mahsuloti chet eldagi hamkor buyurtmachilarga eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni ikki barobariga orttirish borasida muzokaralar olib borilib, shunga yarasha ishlab chiqarish quvvatlari oshirilmoqda. Jamiyat ma’muriyati tomonidan yaqin kunlar ichida to‘quv fabrikasining ham faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining “2019-2023-yillarda Buxoro viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, "Xalifa”da 2,4 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil qilingan. Bu sanoat zonasida hozirda “Shox Gold Tekstil” va boshqa ishlab chiqarish korxonalari kabi mehnat jamoalariga ega tadbirkorlik subyektlari soni oshmoqda. Ularda ishlab chiqarish va mahsulot tayyorlash, xom ashyo ta’minoti, qolaversa, ichki va tashqi bozorda xaridor topishga doir jarayon tuman mutasaddilarining e’tiborida.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati