Angor tumani prokurori Abbos Razikovning plastik kartalardan pul o‘g‘irlanishining oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan MUROJAATI
2025-05-16 17:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumandoshlar!
Angor tumanida kriminogen vaziyatni yaxshilash, huquqbuzarlik va jinoyatlarni sodir etilishining oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilayotganidan yaxshi xabardorsiz.
Bu dolzarb vazifalarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish hamkorlik masalalariga ham bog‘liq. Shu bois siz azizlarga murojaat qilmoqchiman.
Xabaringiz bor, keyingi paytlarda tumanimizda noma’lum shaxslar tomonidan bank plastik kartalardan pul yechib olish holatlari ortib bormoqda.
Bu haqida https://t.me/angormatbuot telegram kanali va “Angor yog‘dusi” gazetasida batafsil ma’lumot berib boryapmiz!
Shunday bo‘lsada, kiberjinoyatlarni sodir etishning quyidagi usullaridan ogoh bo‘lishingiz kerakligini yana bir bor eslatib o‘tishni lozim topdik.
Birinchidan, telefoningizga notanish yoki yashirin raqamlardan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini “bank xodimi” yoki boshqa bir moliya tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, sizga homiylik sifatida pul ajratilishi, fondlardan pul ajratilishi, nafaqaga chiqish davriga aniqlik kiritish kabi pul berilishi bilan bog‘liq xabarlarni aytsa, aslo ishonmang!
Bunday vaziyatlarda soddalik qilib, shaxsingizga oid ma’lumotlar, pasport raqamingiz, yuz tasviringizni telegramdagi profilingiz yubormang!
Chunki, ayni usulda firibgarlar aldov yo‘li bilan plastik kartangizdagi mablag‘laringizni o‘zlashtirib oladi.
Ikkinchidan, telegramdagi profilingiz orqali notanish akkauntlardan bir-ikki daqiqa vaqtingizni ajratishingizni, moliyaviy o‘yinlarda ishtirok etib, ko‘proq pul olish, investisiya kompaniyalariga pul tikib daromadga ega bo‘lishingiz, mijozlarga jamoatchilik xizmatini oshirish, hech nima ish qilmasdan kuniga pul mablag‘ni olish kabi tekinga pul berish bilan bog‘liq yolg‘on xabarlarni bildirish orqali, shaxsingizga oid ma’lumotlar, pasport raqamingiz, yuz tasviringizni aldov yo‘li bilan olishga erishishi mumkin.
Uchinchidan, firibgarlar turli tashkilot, korxona, kompaniyalarga tegishli bo‘lgan telefon raqamlarni soxtalashtirishga imkon beruvchi dasturlardan foydalanib, tekinga pul berish bilan bog‘liq yolg‘on xabarlarni bildirish orqali, shaxsingizga oid ma’lumotlar, pasport raqamingiz, yuz tasviringizni aldov yo‘li bilan olishga qo‘lga kiritishga harakat qiladi.
Mazkur holatlar telefoningizga ulangan bank plastik kartangizga kiberjinoyatlarning yashirin ravishda va tezkorlik bilan kirib, undagi pullarni o‘g‘irlash orqali yoki nomingizga xususiy moliyaviy korxonalardan kreditlar rasmiylashtirish orqali pullarni o‘zlashtirib, qarzdor bo‘lishingizga sabab bo‘ladi!
🔴 Shu bois, plastik karta raqamingiz, pasport raqamingiz va boshqa shaxsiy ma’lumotlaringizni hech qachon hech kimga bermang va bu takliflarga rozi bo‘lmang!
❔Bunday murojaat yoki taklif bo‘lsa nima qilish kerakligi uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling!
Avvalo, suhbatni darhol to‘xtatib, bu to‘g‘risida zudlik bilan Ichki ishlar organlaridagi
102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering!
Ichki ishlar organlarida tezkor-surishtiruv ishlari o‘tkazilishi, murojaat qilgan tashkilot yoki fuqaroning firibgar yoki ishonchli ekani tekshirilib berilishi ta’minlanadi.
❗️Shuni yodda tuting, “Tekin pishloq qopqonda” bo‘ladi, deganlaridek firibgarlarga aldanib qolmang!
