Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Mudofaa vazirligi hamkorligi yanada mustahkamlandi
2025-03-28 11:50:00 / Yangiliklar

Mudofaa vazirligida o‘tgan uchrashuv avvalida Ibrohim Abduraxmonov Prezidentimizning qishloq xo‘jaligi sohasidagi oqilona siyosati natijasida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, eksport hajmini oshirish, bozordagi narx-navo barqarorligini saqlash hamda dehqonlar daromadini ko‘paytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro munosabatlar istiqbollarini belgilash, faoliyat yo‘nalishlariga oid qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan natijalarga erishish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida sohaga oid malakali kadrlarni tayyorlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvda hamkorlikka yangi sifat baxsh etish, an’anaviy do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Mudofaa vazirligi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha memorandum imzolandi.
Memorandumga ko‘ra, Mudofaa vazirligi ekin yerlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirokida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, chorvachilikni rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha axborot va tajriba almashish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, mutaxassislar uchun treninglar tashkil etish, ekin maydonlari va yaylovlardan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish, urug‘chilikni rivojlantirish hamda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik amalga oshiriladi.