“Har bir fuqaro uchun – bir daraxt”: Ekotanlov g‘oliblari taqdirlandi
2024-12-20 17:50:00 / Yangiliklar
Ushbu tashabbus mamlakatimizda yashil iqtisodiyot va iqlim oʻzgarishlariga moslashish yoʻlida muhim qadam boʻlib, uning asosiy maqsadi qimmatbaho va manzarali daraxt koʻchatlari ekish orqali yurtimizni yanada koʻrkam va barqaror rivojlantirishga hissa qoʻshishdir.
Tanlov doirasida barcha rahbar va xodimlardan yashash joylarida yoki boʻsh turgan hududlarda kamida toʻrtta qimmatbaho (yogʻochbop yoki manzarali) daraxt, qizil kitobga kiritilgan koʻchatlar va butalar ekish talab qilindi. Shuningdek, ekilgan koʻchatlarning sugʻorish imkoniyatlari va sifatli parvarishi tanlovning asosiy mezonlaridan biri boʻldi.
Joriy yilning 17-dekabr kuni tashkil etilgan mazkur tanlovda Qishloq xo’jaligi vazirliging 3 nafar xodimi Qizil kitobga kiritilgan “Nashvati” daraxti, “Qora tut” va “Shotut” manzarali ko‘chatlar hamda “Turkiston archasi”, “Uzunbarg jiyda”, “Choʻziqbargli tol” manzarali daraxtlarini ekib, sifatli parvarish qilgani uchun tanlov gʻolibi sifatida e’tirof etildi va rahbariyat tomonidan taqdirlanishdi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida oʻtkazilgan tanlovda viloyat Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi va tuman boʻlimlari xodimlari ham g’olib deb topilib, rahbariyat tomonidan taqdirlandilar. Ushbu tanlov nafaqat ekologik barqarorlikni taʼminlash, balki jamiyatda tabiatga hurmat va uni asrash madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.