Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida qiymati 21 mln dollarlik 3 ta loyiha amalga oshiriladi
2024-08-03 17:15:00 / Yangiliklar
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanida faoliyat yurituvchi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS)ga tashrifi ham yuqorida keltirilgan sa’y-harakatlarning real tasdig‘i deyish mumkin.
Tashrif avvalida, vazir ushbu markazning qishloq xo‘jaligida tutgan o‘rni va ahamiyatiga to‘xtalib, uning agrar soha taraqqiyotida munosib roliga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Buning uchun avvalo markaz hududi va unga yondosh hududlar ham shunga monand bo‘lishi, har bir daraxt, ekin va agrar islohotlar markaz faoliyati va olimlarning innovatsion yondashuvlarining natijasi o‘laroq gavdalanishi lozimligi aytib o‘tildi.
Vazir tashrif davomida, ushbu hududda qurilishi rejalashtirilayotgan Fundamental tadqiqotlar markazi (Centre of Excellence) loyihasi bilan tanishdi. Umumiy qiymati 21.7 million dollarni tashkil etuvchi markaz qurilishi loyihasi Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladi. Unga ko‘ra, biotadqiqotlar, va texnologiyalar uchun laboratoriya-tahlil binolarini qurish, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash hamda Milliy genbank tashkil etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Dala tadqiqotlari va o‘quv trening markazlari, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti binosi va o‘quv leksion zallari, sohadagi yosh olimlar uchun turar joy majmualari quriladi.
Shuningdek, vazir Korea Respublikasi hukumatining grant mablag‘i hisobiga amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 21.4 million dollarlik 3 ta yirik loyiha bilan tanishdi. Loyihaga ko‘ra, jami 4,3 gektardan iborat keng hududda meva sabzavotchilikda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish o‘quv markazi, aqlli qishloq xo‘jaligi sanoat texnologiyalari innovatsion markazi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularning ko‘chatlarini yetkazish markazlari barpo etiladi.
Vazir amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ushbu loyihalar istiqboli va natijadorligi borasida o‘z tavsiya va maslahatlarini bildirdi. Shuningdek, ularni amalga oshirishda xalqaro standartlarga mos ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish borasida mas’ullarga o‘z ko‘rsatmalarini berib o‘tdi.