Rasmiy munosabat
2024-07-23 14:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Mazkur holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Bugun poliz mahsulotlari yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish, aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan:
Respublikada joriy yilda barcha toifa xo‘jaliklarida 203 ming gektar poliz shundan, 149 ming gektar maydonga fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari va 54 ming gektar dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida poliz ekinlari ekilgan.
Poliz mahsulotlarini yetishtirish Qashqadaryo, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlarida keng rivojlangan.
Joylardan olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, 112,7 ming tonna poliz mahsulotlari yetishtirildi va qolgan maydonlarda pishib yetilgan mahsulotlarni nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish ishlari davom etmoqda.
Bugungi kunda tarvuz mahsulotini chet davlatlariga eksport qilishda hech qanday cheklovlar mavjud emas. Qolaversa, bojxona postlaridan olib chiqib ketishda meva-sabzavot va poliz mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yashil yo‘lakcha tashkil etilgan.
Jumladan, Fitosanitariya talablariga rioya qilgan holda poliz mahsulotlari eksportini 20 dan ortiq davlatga amalga oshirish bo‘yicha fitosanitar ruxsat olingan. https://Agrokomakchi.uz
Bugungi kunda Toshkent shahrida joylashgan Yangi Qo‘yliq dehqon bozori-“Food City”dagi 1 kg tarvuz narxi 800 - 1500 so‘mgacha, Korzinka, Makro, Magnum supermarketlarda o‘rtacha 1000 - 2000 so‘mgacha sotilmoqda.
Bozorlardagi mahsulotlarning narx-navosi mahsulotlarga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda erkin shakllanadi.
Shu o‘rinda diqqatingizni bir narsaga qaratmoqchimiz: Qishloq xo‘jaligi vazirligi mahsulot yetishtiruvchi-fermerlarning mahsulotiga narx belgilash va uni sotishda majburiy savdo miqdorini belgilash vakolatiga ega emas.
Bundan bir necha hafta avval ham tarvuzning o‘rtacha xarid narxi Toshkent shahri va viloyatlar kesimida bir kilogramm uchun 2000-3000 so‘mni tashkil qilgan. Ayni pishiqchilik va mavsumiy mahsulot yetilishi fazasida taklif talabdan ustun kelgani bois, bozor regulyatori narxlarning mazkur mahsulot turiga nisbatan pastlaganini ko‘rsatmoqda.
Narxlarning arzonlashishi va O‘zbekistonda tarvuzga deyarli talab yo‘qligining asosiy sabablaridan biri uni asosiy bozor – Rossiyada tarvuz narxi rekord darajaga tushib ketdi va ayni damda bu mamlakatda tarvuzning ulgurji narxi taxminan uni O‘zbekistondan jo‘natish narxiga teng.
O‘zbekistondan Sharqiy Yevropa va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tarvuz eksporti joriy mavsumda qiyin kechmoqda, chunki bu hududlarda narxlar juda pastligi kuzatilmoqda. Bunga qaramasdan joriy yilda 45,3 ming tonna yoki 8,7 mln dollarlik tarvuz va qovun mahsuloti eksporti amalga oshirilgan, bu esa o‘tgan yil mos davriga 20 foizga ko‘p eksport qilinganini ko‘rish mumkin.
Bu hosil mo‘lligi va bu yilgi ob-havoning dehqonchilik uchun maqbul kelgani bilan izohlanadi. Mazkur mahsulotni eksporti bo‘yicha hech qanday taqiq mavjud emas. Vazirlik o‘z navbatida mavsum boshidan beri ayni masalalar bo‘yicha viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmalari hamda fermerlar ishtirokidagi uchrashuvlarda atroflicha ma’lumotlar berib kelgan.
Dala uchrashuvlarida mahsulotni yetishtirish, yig‘ish, saralash hamda sotish masalasida an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, davr talabidan kelib chiqib uning xaridorgirligini oshirish, bir mahsulotning o‘zidan bir qancha mahsulot ishlab chiqarib, qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratishga oid tavsiyalarini bergan hamda berib kelmoqda.