Toshkent viloyati: aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida
2024-05-08 11:40:00 / Yangiliklar
Joylarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishayotgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi “Do‘stlik” MFYda aholi tomonidan qulupnay yetishtirilayotgan maydonda bo‘ldi.
Mahalla aholisi xonadonlarining aksariyatida issiqxona mavjud bo‘lib, asosan qulupnay yetishtiriladi. Hozirda mazkur mahallada 21 nafar yoshlarning har biriga 30 sotixdan yer ajratilgan.
Albatta, bugun yurtimizda yoshlar uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash ayni vaqtda hayotiy zaruratdir.
Berilgan imkoniyatdan samarali foydalanib, daromad olish istagida bo‘lgan yoshlar qulupnaychilik bilan bir qatorda, salat bargi, bulg‘or qalampiri kabi turli sabzavotlar qator oralatib ekilgan bo‘lib, kuz faslida yana qulupnay ekish rejalashtirilgan.
Ayni paytda dalada ish qizg‘in bo‘lib, ko‘zlarida ertangi kunga ishonch aks etgan yigit-qizlarning faolligini ko‘rish mumkin.
Vazir o‘z navbatida, yoshlarning tadbirkorning faoliyati bilan tanishar ekan, ekin yetishtirish texnologiyasi, hosildorlikni oshirish borasida o‘z takliflarini berib o‘tdi. Bunda hosildorlik karrasiga oshishi, qolaversa, yetishtirilayotgan joyni iqtisod qilish, gorizontal uslubda emas, balki vertikal usulda yetishtirish zarurligini qayd etdi.
Shundan so‘ng vazir navbatdagi lokatsiya bo‘yicha, mazkur mahallada yangi texnologiya asosida qo‘ziqorin yetishtirayotgan aholi xonadoni bo‘ldi. 3 sotix maydonda tashkil etilgan mazkur issiqxonada qo‘ziqorinning “veshenka” navi yetishtirilmoqda.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ziqorindan yil davomida mo‘may daromad topish mumkin, bitta qopga joylangan urug‘lar 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Harorat mo‘tadil ushlab turilsa, mavsumga qarab, 10-15 milliongacha daromad qilish mumkin.
Vazir o‘z navbatida tadbirkorning faoliyati bilan tanishar ekan, davlatimiz rahbari boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan davlat tashrifi davomida qo‘ziqorin yetishtirish texnologiyasi bilan tanishilganligi va buni mamlakatimizda ham joriy etish masalasini ilgari surilganini qayd etdi.
O‘z navbatida Xitoy texnologiyasi asosida qo’ziqorin yetishtirish orqali hosildorlikni karrasiga oshirish, qolaversa, yetishtirilayotgan joyni iqtisod qilish, gorizontal uslubda emas, balki vertikal usulda yetishtirish masalasi, aynan urug‘ tindirish jarayonlari yuzasidan taklif va tavsiyalarini berdi.
Ma’lumot o‘rnida, qo‘ziqorinda ham go‘sht mahsulotlarida bor bo‘lgan oqsil va vitaminlar mavjud. Go‘shtga nisbatan xolesterin miqdori kamligi sababli, uning o‘rnini bosuvchi mahsulot sifatida ham iste’mol qilish tavsiya etiladi.