Turkiya Adliya vazirligi bilan axborot texnologiyalarini qo‘llanilishi bo‘yicha tajribalar almashiniladi
2023-10-07 16:50:00 / Vazirlik yangiliklari
Turkiya Respublikasining Anqara shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov 6 oktyabr kuni Turkiya Respublikasi Adliya vazirligining Axborot texnologiyalari Bosh departamentida bo‘lishdi.
Vazir A.Toshqulovni Turkiya adliya vazirining o‘rinbosari Akin Gurlek hamda Axborot texnologiyalari Bosh departamenti direktori Servet Gul va boshqa mutasaddilar kutib oldi.
Tashrif davomida vazirga Turkiya adliya tizimida mavjud axborot dasturlari bo‘yicha taqdimot qilindi. Xususan, Turkiya adliyasi sud, prokuratura, advokatura, mediatsiya, sud ijro, aholiga huquqiy axborotlarni tarqatish va bepul huquqiy yordam kabi 50 dan ortiq axborot tizimlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
O‘z o‘rnida, Turkiya tomoniga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida joriy qilinayotgan axborot tizimlari haqida maʼlumotlar berilib, tomonlar o‘zaro tajribalari haqida fikr almashishdi.
Tashrif yakunida tomonlar vazirliklar o‘rtasida sud-huquq sohasiga axborot texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish va tajriba almashishga kelishib oldilar.