Adliya vazirligida NNT vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi
2024-12-06 16:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 6-dekabr kuni Adliya vazirligida Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Unda 40 nafarga yaqin NNT rahbarlari va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Bu kabi ochiq muloqotlar barcha hududiy adliya boshqarmalarida ham oʻtkazildi. Asosiy maqsad — fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni samarali hal etish, fikr almashish, sohada mavjud islohotlarni muhokama etishdan iborat. Tadbirda adliya vaziri oʻrinbosari Muzraf Ikramov ishtirok etdi.
Taʼkidlangandek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, aholining ijtimoiy faolligini oshirishda muhim oʻrin tutmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlariga alohida bob ajratildi. Jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari fuqarolik jamiyatining asoslarini tashkil etishi belgilab qoʻyildi.
Umuman, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini taʼminlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi. Buning natijasida 20 dan ziyod qonun, Prezident hujjatlari va Hukumatning qarorlari qabul qilindi.
Fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta NNTlar erkin faoliyat yuritmoqda, ularda 70 mingga yaqin insonlar mehnat qilmoqda.
“Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini rolini yanada oshirish, ularning faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan.
2025-yilda davlat tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish dasturi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Dasturni ishlab chiqilishidan koʻzlangan maqsad fuqarolik jamiyati institutlarining inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga murosasiz muhitni shakllantirish, taʼlim, tibbiyot, ekologiya, qurilish, transport, kommunal xoʻjaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va boshqa sohalarning eng dolzarb muammolari yechimiga qaratilgan loyihalarini qoʻllab-quvvatlashdir.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi oʻzgarishlar, NNTlar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar haqida oʻrtoqlashdi.
Muloqot yakunida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi hamda ijtimoiy foydali dasturlarni amalga oshirishda koʻrsatgan tashabbuslari uchun 14 nafar NNT rahbarlari Adliya vazirligi tashakkurnomasi bilan taqdirlanadi.
Maʼlumot uchun, Fuqarolik jamiyati haftaligi 2—6-dekabr kunlari dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun beshta davlat, 40 ta xalqaro tashkilot vakili va 2 ming nafardan ortiq ishtirokchilarni birlashtirdi. Haftalik “Yuksalish” harakati, Adliya vazirligi, Oliy Majlis palatalari va boshqa bir qator hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati