Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlariga alohida bob ajratilgan
2024-12-02 15:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 2-dekabr kuni Toshkent shahrida Fuqarolik jamiyati haftaligiga start berildi.
“Yuksalish” harakati, Adliya vazirligi, Oliy Majlis palatalari va boshqa bir qator hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirlar istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish, shuningdek, shaffoflik va inklyuzivlikni oshirish boʻyicha muloqot va keyingi qadamlarni belgilab olish uchun ochiq platforma boʻlib xizmat qiladi.
Ochilish marosimida adliya vaziri Akbar Toshqulov chiqish qilib, Oʻzbekistonda davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishda amalga oshirilgan islohotlarga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlangandek, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyati institutlariga alohida bob ajratildi. Jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari fuqarolik jamiyatining asoslarini tashkil etishi belgilab qoʻyildi.
Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini taʼminlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi. Buning natijasida 20 dan ziyod qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Hukumatning qarorlari qabul qilindi.
Yaratilayotgan qulay sharoitlar natijasida fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda, ularda 70 mingga yaqin insonlar mehnat qilmoqda.
Shu bilan birga mamlakatimizda kuzatilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishning jadal surʼatlari, oʻz navbatida, NNT hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini yanada oshirish, ularning faoliyatini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish zarurligini taqozo etmoqda. “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni aynan shu sababli ham muhim va ayni vaqtida imzolangan hujjat hisoblanadi.
Shuningdek, adliya vaziri kelgusida fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash yoʻnalishlarini sanab oʻtdi. Ular qatorida — davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish, aholining huquqiy ong va madaniyatini yuksaltirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolik jamiyati rivojlanishi masalalari boʻyicha amaliy va fundamental tadqiqotlar qamrovini kengaytirish, soha vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari qamrovini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratish kabilar.