Oʻzbekiston delegatsiyasi Yaponiyada davlat tashkilotlari vakillari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi
2024-11-22 12:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda mavjud byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli maʼmuriy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu sohadagi islohotlarni yanada takomillashtirish maqsadida Adliya vazirligi, Oliy sud va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillaridan iborat delegatsiya Yaponiya tomonining taklifiga asosan xizmat safarida boʻlib qaytdi. Delegatsiya aʼzolari maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonunchilikni amaliyotga toʻgʻri tatbiq etish, davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslar bilan boʻlgan munosabatlarida qonuniylik va shaffoflik taʼminlanishida davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish boyicha xorijiy tajriba bilan tanishdi.
Xususan, Yaponiya Adliya vazirligining Xalqaro hamkorlik va Maʼmuriy huquq departamentlari, Yaponiya Patent agentligi, Raqamlashtirish agentligi, Yaponiya Umumiy ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi, Nagoya universiteti, Huquqiy tadqiqotlar markazi hamda Nagoya shahar hokimligi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Muloqotlar davomida Yaponiya davlat tashkilotlari tomonidan maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda ularning amaliyotda qoʻllanilishi, maʼmuriy aktlar ustidan shikoyat berish tartiblari, apellyatsiya kengashlari faoliyati, raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.