“Adliya spartakiadasi – 2024”: sport, salomatlik va jamoaviy ruh
2024-11-04 10:45:00 / Vazirlik yangiliklari
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va Adliya vazirligi tizimi xodimlari o‘rtasida jamoaviy ruhni mustahkamlash tashabbusi doirasida spartakiada o‘tkazildi.
Joriy yilgi spartakiadada rekord darajadagi 216 nafar ishtirokchi qamrab olindi, bu xodimlarning sport hayotiga jalb etilishi va tizimda sog‘lom turmush tarzi qo‘llab-quvvatlanishini namoyish etadi.
Markaziy apparat, hududiy boshqarmalar, adliya muassasalari vakillaridan iborat 24 ta jamoa sakkizta sport turi — mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, yengil atletika, darts, arqon tortish bo‘yicha bellashdi. Ushbu tanlov jismoniy tayyorgarlik darajasi va sport afzalliklaridan qat’i nazar, iloji boricha ko‘proq ishtirokchilarni jalb qilishga qaratilgan edi.
Spartakiadaning asosiy maqsadi — adliya organlari va muassasalari xodimlarining sport madaniyatini rivojlantirish va jismoniy salomatligini mustahkamlashdan iborat. Bunday tadbirlarni o‘tkazish orqali Adliya vazirligi sportning nafaqat shaxsiy salomatlik, balki jamoaviy munosabatlarni mustahkamlash uchun asos sifatidagi ahamiyatini ko‘rsatishga intiladi.
Musobaqalarda ishtirok etish xodimlarda chidamlilik, intizomlilik va mas’uliyat hissini rivojlantirishga yordam beradi — bu ularning kasbiy faoliyatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fazilatlardir.
Birgalikdagi mashg‘ulotlar korporativ ruhni kuchaytiradi, do‘stona munosabatlarni o‘rnatishga yordam beradi va hamkasblar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi. Turli hudud va bo‘linmalar xodimlari yaqinroq tanishish, shuningdek, umumiy maqsadlarga erishishda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Musobaqalar davomida ishtirokchilar katta qiziqish va ishtiyoq bilan har bir sport turida munosib harakat qildi. Barcha ishtirokchilar o‘zidagi bor salohiyatni to‘liq namoyon etib, eng so‘nggi soniyalargacha sog‘lom raqobat ruhida kurash olib bordi. G‘olib va sovrindorlar medal va sovg‘alar bilan taqdirlandi.