Toshkentda “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusida ekspertlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi
2024-10-17 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2024 yilning 17 oktyabr kuni Toshkentdagi “Renessans Hall” majmuasida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusida ekspertlar muhokamasi tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 300 dan ortiq xorijiy hamkorlar bilan birgalikda 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbatlari va amaliy muloqotlar tashkil etiladi. Shunigdek, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tegishli bitimlarni imzolash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida qarorlar qabul qilish kutilmoqda.
“Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusida ekspertlar muhokamasining bosh maqsadi — O‘zbekistondagi demokratik islohotlarning yangi bosqichi doirasida saylovlarning ahamiyati, saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularning amaldagi samaradorligini muhokama qilish, shuningdek, “Inson qadri uchun” degan tamoyilga asoslangan huquqiy islohotlarning mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazishdir.
Tadbirda davlat organlari masʼullari, xalqaro ekspertlar va huquqshunoslar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati instituti va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar O‘zbekistondagi demokratik islohotlarning yangi bosqichi doirasida saylovlarning ahamiyati, saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularning amaldagi samaradorligini ochiq munozara shaklida muhokama qildilar.
Tadbir ikki sessiyadan iborat bo‘lib, har ikkala sessiyada milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida sohada amalga oshirilgan ishlar, ilg‘or tajribalar va amaliy yechimlar muhokama qilindi.
Sessiya davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan tamoyil qatʼiy qilib belgilanganligi, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga ko‘paytirilganligi, inson shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi mustahkamlanganligi, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilangani hamda ularning xalqaro huquq normalariga to‘liq hamohang ekanligi alohida qayd etildi.
Anjumanda AQSH, Polsha, Irlandiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Turkiya va Qozog‘iston kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va huquq sohasida amalga oshirilgan ishlar, ilg‘or tajribalar va amaliy yechimlarni eʼtirof etdi.
Saylov qonunchiligidagi yangiliklar. Ishtirokchilar tomonidan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari yana-da kuchaytirilgani qayd etildi.
Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘paytirildi. Parlamentning ijro etuvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi. Hokimlarning 33 ta vakolatlari mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi. Bu esa partiyalar va nomzodlar o‘rtasida faol raqobat muhitini shakllanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2023 yil 18 dekabr kuni kuchga kirgan Konstitutsiyaviy qonunga asosan Qonunchilik palatasiga saylovda aralash, yaʼni majoritar va proporsional saylov tizimini joriy qilishga doir yangi normalar belgilandi. Deputatlarning 75 nafari majoritar tizim asosida, yaʼni saylovchilar o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berish yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa, proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi. Bugungi kunda aralash saylov tizimi 40 ga yaqin mamlakatlarda qo‘llanilmoqda.
Ishtirokchilar aholining saylovlarda yana-da kengroq ishtirokini taʼminlaydigan bu tizimning afzalliklari va imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Ekspertlarning taʼkidlashicha, ushbu islohot siyosiy kuchlar muvozanatini yaxshilaydi va eng ilg‘or xalqaro amaliyotlarga mos keladigan tarzda saylovlarning legitimligini taʼminlaydi.
Gender tengligi va inklyuziya. Tadbir davomida siyosiy hayotda ayollarning o‘rni alohida tahlil qilindi. Taʼkidlangandek, saylov jarayonini tashkil qilish va o‘tkazishda, nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarni o‘rni yana-da oshdi. Jumladan, saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida hududiy saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlardagi xotin-qizlarning ulushi kamida 30 foiz, shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi.
Amalda parlament deputatligiga jami nomzodlarning 44,7 foizini, mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlarning 42,5 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Shuningdek, saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda yoshlar
hamda nogironligi bo‘lgan ijtimoiy faol fuqarolarning ishtirokini taʼminlash amaliyoti joriy qilindi.
Saylov jarayonlarini raqamlashtirish. Yana bir muhim jihat — saylov jarayonlari raqamlashtirildi. Saylovning barcha jarayonlarida “E-Saylov” axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakati qisqartirildi.
Inson huquqlarini taʼminlash. Ekspertlar muhokamasida, shuningdek, O‘zbekistonda inson huquqlarini mustahkamlashga doir so‘ngi huquqiy islohotlar ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich shaklda implementatsiya qilinayotganligi xorijiy ekspertlar tomonidan eʼtirof etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar, shu jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomalari va 4 ta fakultativ protokollari qoidalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topgan. Bu esa mamlakatning xalqaro standartlarni milliy huquqiy tizimga implementatsiya borasidagi saʼy-harakatlarini yaqqol ko‘rsatadi.
Anjumanda O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlar bo‘yicha xalqaro ekspertlarning tahlili taqdim etildi. Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Umuman olganda, anjuman O‘zbekistonda demokratlashtirishni chuqurlashtirish va inson huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan asosiy islohotlarni muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Tadbirda ilgari surilgan tashabbus va takliflar O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish va demokratik o‘zgarishlar sohasidagi xalqaro standartlarga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati