Adliya vaziri Navoiy viloyatida aholining huquqiy savodxonligi va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi
2024-10-10 10:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Vazir marshrutidagi manzillardan biri Navoiy shahridagi 11-umumta’lim maktabi bo‘ldi. U yerda “Huquq sinfi” tashabbusi amalga oshirilgan. Ushbu tashabbus doirasida adliya organlari xodimlari tomonidan huquqiy fanlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ayni paytda Navoiy viloyatida huquq fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga mo‘ljallangan 11 ta shunday sinf faoliyat ko‘rsatmoqda. Vazir o‘quvchilar va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Bundan tashqari, vazir Navbahor va Karmana tumanlaridagi bir nechta mahallalarda bo‘lib, “Adliya kuni” va “Huquqiy targ‘ibot kuni” kabi amaldagi huquqiy ma’rifat dasturlari ijrosi samaradorligini baholadi. Shuningdek, fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy masalalarini hal etishga mas’ul “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishdi.
Akbar Toshqulov xizmat safari davomida viloyatda yangi qurilayotgan “Adliya uyi” majmuasini ham ko‘zdan kechirdi. Qurilishning yakunlanishi aholi uchun davlat xizmatlarini olish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirishi, bir joyda turli xil huquqiy maslahatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashi kutilmoqda.
Vazir majmuaning qurib bitkazilgan qismlari bilan tanishib, joriy qurilish ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi va loyihani bajarishning yuqori sifat standartlari va muddatlariga rioya qilish muhimligini ta’kidladi.