Ayrim OTMlar tomonidan talab qilish taqiqlangan hujjatlar soʻralayotganligi maʼlum boʻldi
2024-09-08 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vazirligi masʼullari tomonidan joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar va aholi bilan uchrashuvlar davomida ayrim oliy taʼlim muassasalari tomonidan talab qilish taqiqlangan hujjatlar (shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati) soʻralayotganligi maʼlum boʻldi.
Shunga koʻra, Adliya vazirligi tomonidan 5-sentabr kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari bilan aholidan 120 turdagi maʼlumotnoma va hujjatlarni talab qilish bekor qilinib, ushbu hujjatlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olinishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu hujjatlarning talab qilinishi davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblanadi.
Hurmatli fuqarolar, sizdan ushbu hujjatlarni talab qilish holatlari kuzatilsa, Adliya vazirligining “1008” va “1148” raqamli “Ishonch telefon”lariga murojaat qilishingizni soʻraymiz.