Asosiy kontentga o'tish

Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi

2024-08-30 11:45:00 / Vazirlik yangiliklari

2024-yil 29-avgust kuni Adliya vazirligi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda asosiy eʼtibor “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident  Farmonning mazmun-mohiyatiga qaratildi.

Ta'kidlangandek, bugungi kunda davlatning maʼlum funksiya va vazifalarini fuqarolik jamiyati institutlariga oʻtkazish, ularni yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritildi, ular konstitutsiyaviy institut sifatida eʼtirof etildi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha islohotlar alohida yoʻnalish sifatida belgilandi. Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilindi.

Qolaversa, soʻnggi 7 yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari doirasida NNTlarga xorijiy subyektlardan kelib tushgan pul mablagʻlari va mol-mulkdan foydalanish boʻyicha toʻsiqlar olib tashlandi, har bir hududda “Nodavlat tashkilotlar uylari” tashkil etilib, 400 ga yaqin NNT bepul joylashtirildi, 126 nafar hamyurtlarimiz “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, barcha davlat xizmatlari elektron tarzda koʻrsatilmoqda. Buning uchun alohida e-ngo.uz portali ishga tushirildi. Nodavlat tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish bojlari oʻrtacha ikki barobar pasaytirildi. Qayta roʻyxatdan oʻtish muddati bir oydan 15 kunga qisqartirdi.

2025-yil 1-yanvardan nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun belgilangan davlat bojlari miqdorini 2 baravarga kamaytirilgan holda undiriladi.

Natijada bugun mamlakatimizda turli sohalarda 10 000 ga yaqin nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan Farmon yuqoridagi islohotlarning uzviy davomi boʻlib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning shaffof va sogʻlom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

 

88