Bola huquqlari himoyasida xalqaro hamkorlik davom etmoqda
2024-08-29 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun adliya vaziri Akbar Toshqulov BMT Bolalar jamgʻarmasi (UNIСEF)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi yangi tayinlangan rahbari Rehina Mariya Kastijio bilan uchrashdi.
Vazir mehmonlarga soʻngi yillarda mamlakatimizda bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda ularda UNIСEFning oʻrni haqida gapirib oʻtdi.
Shuningdek, tomonlar oʻrtasida joriy yilning mart oyida imzolangan 2024-2025–yillarga moʻljallangan ish reja doirasida amalga oshirib kelinayotgan ishlar va erishilgan natijalar muhokama qilindi.
Oʻz oʻrnida, Rehina Mariya Kastijio xonim Adliya vazirligi tomonidan bola huquqlarini himoya qilish sohasida olib borayotgan ishlarni ijobiy baholab, kelgusida vazirlik bilan UNIСEF oʻrtasida mazkur yoʻnalishda xalqaro tan olingan standartlarni milliy qonunchilikka joriy qilish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar kelgusida bolalarning eng ustun manfaatlarini taʼminlash, bolalarga moʻljallangan huquqiy qoʻllanmalar chop etish, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularni zararli axborotdan himoya qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.