Aholi va tadbirkorlarga majburiyat yuklaydigan hujjatlar yozilishidan oldin baholanadi
2024-08-17 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan qonunchilik hujjatlarining tartibga solish taʼsirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza tadbirlari natijasi 243 ta qonunchilik hujjatida amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va amalga oshirish mexanizmlariga ega bo‘lmagan 350 ta norma va huquqiy bo‘shliqlar aniqlangan edi.
Qabul qilingan “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni bilan qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, norma ijodkorligi va qonunchilik tizimida qator yangiliklar belgilab berildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining 183 ta hujjat va normalari bekor qilinib, qonunchilikni tartibga solish yuki kamaytirildi.
Farmon bilan tartibga solish taʼsirini baholashning (TSTB) yangi tartibi joriy etilib, qonunchilik hujjatlari loyihalarini tayyorlashda va ularning taʼsirini baholashda ilmiy hamda nodavlat notijorat tashkilotlar keng jalb qilinishi, qonun loyihalari bo‘yicha majburiy tartibda ilmiy-tadqiqot muassasalarining xulosasi olinishi belgilandi.
Joriy yilning 1 oktyabridan boshlab aholi va tadbirkorlarga bevosita taʼsir ko‘rsatadigan, ularga majburiyat yuklaydigan, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqacha cheklovlarni belgilaydigan hujjatlar ikki bosqichda TSTBdan o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Bunda hujjat loyihasi yozilishidan oldin soddalashtirilgan tartibda baholashdan o‘tkaziladi va Adliya vazirligining xulosasi olinadi.
Soddalashtirilgan baholash natijasi bo‘yicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga taʼsiri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar kengaytirilgan tartibda ikkinchi marotaba baholashga qaratiladi. Sog‘lom raqobat muhitini himoyalash maqsadida bunday tartib biznesga har qanday imtiyoz, preferensiya yoki yengillik berishni nazarda tutuvchi loyihalarga ham tadbir etiladi.
Shu bilan birga, Farmon bilan qabul qilingan hujjatlarning ijro holatini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, hujjat qabul qilingach uning ijrosi har yili kuzatib boriladi va monitoring natijalari jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
Bu orqali aholi va biznes uchun yuzaga keladigan ortiqcha va asossiz xarajatlar, maʼmuriy to‘siqlarning oldi olinadi. Amaldagi samarasini bermaydigan, raqobat muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan imtiyoz va preferensiyalar natijasida yuzaga keladigan davlat byudjeti yo‘qotishlari sezilarli qisqarishiga erishiladi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati