Asosiy kontentga o'tish

«MDHga a’zo davlatlarning adliya vazirliklari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlar va tajriba almashish» mavzusida davra suhbati tashkil etildi

2024-07-11 17:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 10 iyul kuni O‘zbekiston tomoni raisligida «MDHga a’zo davlatlarning adliya vazirliklari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlar va tajriba almashish» mavzusida videokonferensiya formatida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbati Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar adliya vazirlari Kengashining 2024-yil uchun asosiy tadbirlar rejasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda MDH Ijroiya qo‘mitasi, O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Rossiya Federatsiyasi adliya vazirliklari vakillari ishtirok etdilar.

Ishtirokchilar adliya vazirliklari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, qabul qilinayotgan yangi uslublar bilan yaqindan tanishish muhim ahamiyat kasib etishini ta’kidlab o‘z vazirliklarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan taqdimot qildilar.

Shu o‘rinda, “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi” mavzusida taqdimot qilindi, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Tadbir so‘ngida tomonlar bu kabi davra suhbatlarini tez-tez o‘tkazib turish ishtirokchi davlatlar adliya tizimlarini yanada takomillashtirish hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlab o‘tdilar.  

 

115