Qurilish va UJKX
Xidoyatov Sherzod Saidjanovich
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi
Keyingi yillarda mamlakatimizda turar-joylar, ijtimoiy-maishiy obyektlar qurilishini rivojlantirish, muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmalarini yangilash maqsadida olib borilayotgan yaratuvchilik ishlari natijasida shaharlar va qishloq aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda. Bunyodkorlik sohasiga oid barcha chora-tadbirlar Shaharsozlik kodeksi va shaharsozlik norma va qoidalari asosida tizimli olib borilmoqda.
Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suv bilan ta'minlash, suv va kanalizasiya tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ichimlik suv ta'minoti va oqova suv ob'ektlarini davlat tomonidan tartibga solish, boshqarish va ekspluatasiya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida hududiy suv ta'minoti korxonalarini birlashtirgan holda “O‘zsuvta'minot” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ichimlik suv ta'minoti, kanalizasiya tizimlarini modernizasiya qilish uchun respublika byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalar, mahalliy byudjetlar hamda xalqaro moliya institutlari hisobidan yetarlicha mablag‘lar ajratib kelinmoqda.
Oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurdik.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasida 79,8 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davri bilan solishtirilganda 10,1 % ga oshgan. 2024-yilning yanvar-iyun oylarida hududlar kesimida xususan, Toshkent shahri (19 288,6 mlrd so‘m), Toshkent viloyati (8 007,6 mlrd so‘m) va Buxoro viloyatida (5 893,4 mlrd so‘m) qurilish ishlarining yuqori hajmi qayd etilgan.