Oilalarni mustahkamlash hamda oilaviy ajrimlarni oldini olishda mahalla fuqarolar yigini huzuridagi mahalla yettiligi va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyayalarining tutgan o‘rni va roli.
2025-01-30 15:45:00 / Yangilikar

Oila ota, ona va farzanddan iborat uchta tirgakka quriladi. Oilaning baxt-saodati ham, uning kamoli va farovonligi ham, tinchligi va osoyishtaligi ham ana shu uch ustunning bir-biriga munosabatiga, ahilligiga, yaxshi tarbiyasiga bog‘liq. Bular bo‘lmas ekan, oila tanazzulga yuz tutaveradi. Bu inqiroz esa, o‘z navbatida, jamiyatni larzaga keltiraveradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14-bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan bo‘lib, 76-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir. Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi. Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlarni yaratadi”, deb alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 2-moddasida “Oilaviy munosabatlarda ayol va erkak teng huquqli deb belgilab qo‘yilgan. Oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi”, deb ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zaro ishonch va muhabbat asosida qurilgan oila, albatta, mustahkam bo‘ladi. Oiladagi ma’naviy sog‘lom muhitni yaratish ham ota, ham onaga bog‘liq. Ba’zan jahl ustida ota-onaning nomaqbul harakati o‘rtadagi ishonchning yo‘qolishiga, muhabbatning esa tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘ladi. Ushbu holat esa ota-ona va farzandlar o‘rtasida oqibatsizlik, o‘z hayotidan, jamiyatdan norozilik, oilada notinchlik, hech narsaga qiziqmaslik, beparvolik, loqaydlik, jahldorlik holatlarini keltirib chiqaradi. Bu esa oilaning inqiroziga sabab bo‘ladi. Bunday nosog‘lom muhitda dunyoga kelib, tarbiyalangan bolalarda xiyonatga, turli axloqsiz xatti-harakatlarga (ichish, chekish, o‘g‘rilik qilish, jinoyatchilik, giyohvandlik va boshqalar), ruhiy tanglik holatlariga moyillik kuchli bo‘ladi.
Er-xotin, qaynona-kelin o‘rtasidagi ziddiyatlar va tushunmovchiliklar, og‘ir iqtisodiy sharoit va hayotga yengiltaklik bilan yondashish kabi illatlar oila buzilishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ishsizlik, moddiy qiyinchilik, ruhiy tushkunlikka tushish, uy-joy muammosi, o‘zlari va farzandlarining turli oqimlarga kirib qolishi va hokazolar oilaviy ajrimning sabablaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”, deb ta’kidlangan.
Arzimagan vajlar tufayli oilani barbod qilish, albatta, bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir etadi. “Bolaning uvoli tutadi” degan gaplar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan, albatta. Afsuski, uvol-savobni bilmaydigan, norasidalarning yetim qolishini o‘ylamaydigan ota-onalar ham oramizda yo‘q emas.
Shu o‘rinda hayotiy tajribadan misol keltirsak: Oila ajrim yoqasiga kelib qolgani sababli mahallada muhokama qilindi. Sababi esa oddiy – qaynona-kelin mojarosi. Birinchi marta suhbat mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, tuman mutaxassisi, profilaktika inspektori, imom-xatib va otinoyilar ishtirokida har ikkala tomonning ota-onasi bilan uzoq davom etgan suhbati ham hech qanday natija bermadi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan mutaxassislardan tarkib topgan “Oilaviy qadriyatlar komissiya”si a’zolarining tinimsiz mehnati o‘z samarasini bermasdan qolmadi. Natijada qaynona-kelin muammosi bartaraf etildi, oila ajralish fikridan qaytdi. Hozirgi kunda ushbu oila tinch-totuv yashab kelmoqda.
Ikkinchi misol: Er chet mamlakatda ishlab kelgan va hozirgi kunda shar’iy nikoh asosida boshqa ayol bilan yashaydi, “Oila qadriyatlarini mustahkamlash” komissiyasi a’zolari oilada 4 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi sababli ularni yarashtirish uchun 3 oy davomida harakat qilib ko‘rishdi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida erkakning chet elda uylanib olgan boshqa xotini borligi, birinchi xotini bilan yarashishni umuman istamasligi aniqlandi. Shu yerda haqli savol tug‘iladi: er-xotinning yoshi katta, tajribaga ega bo‘lgan keksa ota-onalari nega bu oilani saqlab qolishga harakat qilishmadi?
Yana shunday holatlar borki, hozirgi kunda ba’zi ayollarimiz hali qonuniy ajrashmasdan turib, voyaga yetmagan farzandlarining kelajagini o‘ylamasdan, sabr nimaligini bilmasdan, qayerda xato qildim ekan demasdan, shar’iy nikoh asosida boshqa fuqaro bilan turmush qurib, homilador bo‘lmoqdalar. Bu ham ularning sabrsizligi, uzoqni o‘ylamasligi hamda nikohning mas’uliyatini chuqur anglamasligidan dalolat beradi.
Bo‘yi yetgan qiz maktabni tugatishi bilan turmushga berilgan. Uning na ilmi va na hunari bo‘lgan. Kelin bo‘lib tushgan xonadonida uy yumushlarini bajarishdan boshqa ishi qolmagan. Qaynona va qaynsingilning ruhiy zo‘ravonligi, bolalarining unga nisbatan salbiy munosabati mazkur oilada doimiy ravishda janjallarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Mahalladagi “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiya a’zolari hamda Reabilitatsiya markazidagi psixolog hamkorligidagi sa’y-harakatlar bilan munosabatlar birmuncha yaxshilandi. Eng asosiysi, kelinchakka hunar o‘rganishiga imkoniyat yaratildi. Natijada kelin ishga joylashdi va uning oiladagi mavqeyi birmuncha mustahkamlandi. Qaynona ham endi keliniga bekorchi deb emas, balki oilaning teng huquqli a’zosi sifatida qaray boshlaydi.
Shu o‘rinda mahalla oilaning eng yaqin maslahatchisi, tog‘day tayanchi ekanligini aytib o‘tmoqchimiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir”. Oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida hukumat tomonidan barcha qonunlar qabul qilinmoqda va tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bundan kelib chiqadiki, mahallada ajrim yoqasiga kelib qolgan har bir oila bilan alohida ish olib borishni amalga tatbiq etish zarur:
Har birimiz o‘z ishimizga mas’ul bo‘lib, oilaviy ajrim yoqasidagi oilalarni barvaqt aniqlasak va ularga, ularning farzandlariga manzilli yordamni o‘z vaqtida ko‘rsata olsak, ko‘p oilaviy ajrimlarning oldini olgan bo‘lamiz. Sog‘lom va mustahkam oila – sog‘lom kelajak poydevori. Oilada sog‘lom ma’naviy muhit, oila a’zolarida o‘zaro hurmat-ehtirom ruhini yaratish, axloqiy va ma’naviy qadriyatlarimizni saqlab qolish, kelajak avlodlarimiz ongiga sog‘lom turmush tarzini singdirish asosiy vazifamiz ekanligini yoddan chiqarmasligimiz lozim.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
Odil Yuldoshboyevich.
Fuqarolik ishlari bo’yicha
Zarbdor tumanlararo sudi raisi
