1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
2025-10-01 / Voqealar taqvimi

1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
1-oktabr – O‘zbekiston ta’lim tizimida muhim sana: O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Bu kun nafaqat o‘qituvchilar, balki bizning hayotimizda iz qoldirgan barcha ustozlar – bilim beruvchi, tarbiya qiluvchi va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi insonlarga bag‘ishlangan.
Har bir insonning hayotida ustoz bo‘ladi. Ustoz – bu dars beruvchi emas, balki hayotga yo‘l ko‘rsatuvchi, insonni inson qiluvchi, qalbiga mehr, ko‘ngliga nur soluvchi shaxsdir. Ularning sabr-toqati, fidoyiligi va mehribonligi tufayli bugun jamiyatimizda minglab yutuqlar, muvaffaqiyatlar, ilmiy kashfiyotlar va vatanparvar yoshlar shakllanmoqda.
Murabbiy – yosh avlodning nafaqat bilim olishini, balki to‘g‘ri tarbiya topishini ta’minlaydigan inson. Aynan murabbiylar tufayli o‘quvchilar nafaqat darsliklardan, balki hayot saboqlaridan ham ibrat oladilar. Shuning uchun ham bu kun ularning xizmatlariga hurmat bajo keltirish, ularga minnatdorlik izhor etish kuni sifatida nishonlanadi.
Bugun o‘quvchilar, talabalar, shogirdlar ustozlarini tabriklab, ularga chiroyli so‘zlar aytadilar. Bu – yoshlar uchun bir saboq: ustozni qadrlash, ilmni hurmat qilish, murabbiyga minnatdor bo‘lish – kelajakda o‘zini ustoz sifatida ko‘rishni istagan har bir inson uchun muqaddas qadriyatdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu yil ham mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida islohotlar samaradorligini oshirish, o‘quv jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish borasida munosib hissa qo‘shgan, yurtimizda ta’limga oid investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgan bir guruh xodimlar mukofotlandi. Bu esa ustoz va murabbiylarga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.
